Samarqandda MDH davlatlari tashqi ishlar vazirlari kengashining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi

19:16 14 Aprel 2023 Siyosat
1074 0

Foto: Xalq so'zi

Unda O‘zbekiston, Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston va Turkmaniston tashqi ishlar vazirlari hamda MDH Bosh kotibi ishtirok etdi.

Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi tashqi ishlar vazirlari kengashining Samarqandda tashkil etilgan bu yilgi birinchi yig‘ilishi muvaffaqiyatli o‘tgani va muhim kelishuvlarga erishilgani aytildi. Bu haqda Hamdo‘stlik tashqi ishlar vazirlari kengashining yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan brifingda ma’lum qilindi.

Qirg‘iz Respublikasi tashqi ishlar vaziri Jeyenbek Kulubayev va MDH Bosh kotibi Sergey Lebedev Qirg‘iz respublikasi raisligida o‘tkazilayotgan bu yilgi tadbirlar hamdo‘stlik davlatlari o‘rtasidagi har tomonlama aloqalarni yanada mustahkamlash va keng ko‘lamda davom ettirishga xizmat qilayotganligini ta’kidladi.

Vazirlarning tor doiradagi uchrashuvi chog‘ida hamdo‘stlik doirasidagi hamkorlik hamda xalqaro kun tartibi yuzasidan fikr almashildi. Bir qator muhim masalalar bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Kengaytirilgan tarkibdagi yig‘ilishda ham ko‘plab masalalar qatorida madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlikni rivojlantirishga kelishib olindi.

Jumladan, Kengash qarori bilan 2023 yilda Belarus Respublikasining Minsk shahri hamdo‘stlikning “Sport poytaxti” deb e’tirof etildi. 2024 yilda bu maqom Armanistonning Gyumri shahriga beriladi. Shuningdek, 2024 yilda Samarqand MDHning “Madaniy poytaxti”, Toshkent shahri esa “Yoshlar poytaxti” bo‘ladi. Hamdo‘stlik mamlakatlari uchun jurnalist kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha bazaviy oliy o‘quv yurti sifatida Rossiya Federasiyasining Xalqlar do‘stligi universiteti tanlandi. Shuningdek, hamdo‘stlik davlatlaridagi salomatlik bo‘yicha imkoniyati cheklangan bolalar o‘rtasida spartakida tashkil etishga qaror qilindi. Dastlabki shunday musobaqa 2024 yilda Rossiyada o‘tkaziladigan bo‘ldi.

Brifingda MDH Bosh kotibi Sergey Lebedev tashqi ishlar vazirlarining navbatdagi majlisi belgilangan kun tartibiga to‘la amal qilgan holda yuksak saviyada o‘tgani, tashkilot istiqboli va unga a’zo davlatlar o‘rtasidagi turli sohalarga oid aloqalarni yanada rivojlantirish bo‘yicha kelishuvlarga erishilganini ta’kidladi.

- Keyingi yillarda tashkilotimiz ishini yanada rivojlantirish va a’zo davlatlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashda O‘zbekiston faol ishtirok etayotganini alohida qayd etishni istardim, - dedi S.Lebedev. - Ayniqsa, keyingi ikki yilda yirik xalqaro forumlar maydoniga aylanib borayotgan Samarqandda bir necha bor uchrashdik. Bugungi anjuman ham yuqori saviyada tashkil etilganini barchamiz e’tirof etamiz. Buning uchun O‘zbekiston rahbariyatiga minnatdorlik bildiramiz. Shu nuqtai nazardan ham MDH doirasida 2024 yilda Samarqand “Madaniy poytaxt” va Toshkentning “Yoshlar poytaxti” deb e’tirof etilgani bejiz emas.

Brifingda Tashqi ishlar vazirlari kengashining navbatdagi yig‘ilish 12 oktyabr kuni Bishkekda o‘tkazilishi maxlum qilindi. 13 oktyabr kuni esa shu shaharda MDH davlat rahbarlari kengashining yig‘ilishi, 27 oktyabr kuni hukumat rahbarlari majlisi o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, joriy yilda MDH davlatlari vazirlik va idoralari, turli tuzilmalar ishtirokida 80 dan ortiq tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Abdulaziz Yo‘ldoshev, “Xalq so‘zi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер