Samarqandda xalqaro parlamentlararo forum boʻlib oʻtdi

10:58 01 Aprel 2026 Jamiyat
174 0

Shu yilning 30-31-mart kunlari Samarqandda muhim xalqaro siyosiy tadbir — “Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi 2026” Parlamentlararo hamkorlik forumi oʻtkazildi.

2025-yilning 4-aprelida boʻlib oʻtgan “Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi” sammitida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan mazkur tashabbus qisqa vaqt ichida amaliy natija berib, bugun Samarqand xalqaro muloqot markaziga aylandi.

Nufuzli tadbirda Markaziy Osiyo davlatlari — Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Turkmaniston parlamentlari vakillari, Yevropa parlamenti aʼzolari, shuningdek, ekspertlar, xalqaro tashkilotlar, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirok etdi.

Forumning ochilish marosimida Oliy Majlis Senati raisi oʻrinbosari Sodiq Safoyev hamda Samarqand viloyati hokimi, Senat aʼzosi Adiz Boboyev soʻzga chiqib, ushbu forumning mintaqalararo hamkorlikni mustahkamlashdagi oʻrni va ahamiyatiga alohida eʼtibor qaratdilar.

Taʼkidlanganidek, forum Markaziy Osiyo mamlakatlari va Yevropa Ittifoqi oʻrtasidagi parlamentlararo muloqotni yangi bosqichga olib chiqish, qonunchilik tajribasi almashinuvi, shuningdek, barqaror rivojlanish, iqtisodiy hamkorlik va mintaqaviy xavfsizlik masalalarida oʻzaro aloqalarni yanada kengaytirishga xizmat qiladi.

— Parlamentlararo hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan anjuman doirasida siyosiy muloqotni rivojlantirish, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, transport-logistika, raqamli transformatsiya, taʼlim va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari muhokama qilindi, — deydi S.Safoyev. — Aytish joizki, Yevropa Ittifoqi bilan muloqot va sheriklik bizning eng muhim ustuvor yoʻnalishlarimizdan biri boʻlib, Markaziy Osiyo mamlakatlari Yevropa Ittifoqi bilan siyosiy muloqot, aloqalar, yashil oʻtish va texnologik modernizatsiyani rivojlantirishga qiziqish bildirmoqda. Biz Yevropa Ittifoqining ham ushbu murakkab davrda Markaziy Osiyo davlatlari bilan yangi sheriklikka intilayotganini tushunamiz. Ishonchimiz komilki, ushbu forum ochiq muhokamalar, fikr almashish va Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi hamkorligini yanada mustahkamlashga qaratilgan amaliy tavsiyalar ishlab chiqish uchun samarali platforma boʻlib xizmat qiladi.

— Bizning kun tartibimizda iqlim oʻzgarishiga qarshi kurash, savdo kvotalari va Yevropa bozoriga kirishni koʻpaytirish, koʻp tomonlamalikni himoya qilish, taʼlim va tadqiqot sohasida almashinuv dasturlari uchun Yevropa imkoniyatlarini oshirish zarurati, energiya va raqamli aloqa, inson huquqlari bilan bogʻliq vaziyatni yaxshilash va konstitutsiyaviy islohotlar oʻrin olgan, — deydi Yevropa Parlamentining Markaziy Osiyo va Moʻgʻuliston bilan aloqalar boʻyicha delegatsiyasi raisi Giusi Princhi. — Koʻplab dolzarb muammolarni faqat mintaqaviy darajada hal qilish mumkin. Shu bois ushbu forum gʻoyasini ilgari surgan Prezident Shavkat Mirziyoyevga minnatdorchilik bildiraman. Bundan bir yil oldin Samarqandda boʻlib oʻtgan sammitdan soʻng parlamentlarimiz ikki tomonlama hamkorlik munosabatlarini yoʻlga qoʻyish tashabbusi bilan chiqqanidan xursandmiz. Yevroparlament sifatida biz hukumatlarimizdan farqli pozitsiyani egalladik. Masalan, Markaziy Osiyo fuqarolari uchun vizalar berishni osonlashtirish maqsadida Qozogʻiston bilan dastlabki kelishuvga erishdik. Kelgusida mintaqadagi boshqa davlatlar bilan ham shunday muzokaralarni davom ettirish niyatidamiz.

Mazkur anjuman nafaqat siyosiy muloqot maydoni, balki amaliy hamkorlikni chuqurlashtirish, yangi tashabbus va loyihalarni shakllantirish uchun muhim platforma vazifasini oʻtadi.

Anjuman doirasida Yevropa Parlamenti aʼzolaridan iborat nufuzli delegatsiya “Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universitetiga tashrif buyurdi.

Mehmonlarga taʼlim jarayonlari, madaniy merosni saqlash va rivojlantirish borasidagi izlanishlar, shuningdek, Yevropa Ittifoqi grantlari asosida amalga oshirilayotgan akademik mobillik, tajriba almashinuv va innovatsion oʻquv dasturlari haqida maʼlumot berildi.

Delegatsiya aʼzolarida, ayniqsa, universitetning xalqaro maydondagi faol pozitsiyasi, yoshlarni jahon taʼlim makoniga integratsiya qilishdagi tizimli yondashuvi va Erasmus+ loyihalari orqali erishilgan amaliy natijalari katta taassurot qoldirdi.

Tashrifning alohida eʼtiborga molik boʻlgan qismi — Yevropa Parlamenti aʼzolari va universitet talabalari oʻrtasida boʻlib oʻtgan ochiq suhbat boʻldi. Talabalar parlament faoliyati, Oʻzbekiston bilan hamkorlikning strategik yoʻnalishlari, xalqaro almashinuv dasturlarida ishtirok etish imkoniyatlari haqida oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

Abdulaziz YOʻLDOSHEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?