Samarqandda “Indoneziya mahallasi” ish boshladi

20:11 14 Aprel 2026 Jamiyat
170 0

Samarqand viloyat hokimi Adiz Boboyev boshchiligidagi delegatsiyasining Indoneziyaga tashrifi davomida “EGI Resources” kompaniyasi bilan imzolangan hamkorlik memorandumidan kelib chiqib, Imom Buxoriy majmuasi yaqinida yangi turizm obyekti — “Kampung Indonesia” (Indoneziya mahallasi) oʻz faoliyatini boshladi.

Mazkur loyiha indoneziyalik tashrif buyuruvchilarga moʻljallangan boʻlib, bu yerda milliy anʼanalarga mos xizmatlar yoʻlga qoʻyilgan. Kompleks tarkibida zamonaviy va qulay mehmonxona, shuningdek, Indoneziya milliy taomlarini taklif etuvchi restoran faoliyat yuritadi. Bu esa mehmonlarga oʻz yurtidagi muhitni his etgan holda Samarqand ziyoratini amalga oshirish imkonini beradi.

“Kampung Indonesia” konsepsiyasi doirasida nafaqat yashash va ovqatlanish, balki madaniy muhitni yaratish ham ustuvor vazifa etib belgilangan. Interyer va servisda Indoneziya milliy uslubi aks ettirilgan boʻlib, bu mehmonlarda oʻziga xos iliqlik va yaqinlik hissini uygʻotadi.

Mazkur loyiha Oʻzbekiston va Indoneziya oʻrtasidagi turizm aloqalarini mustahkamlash, ayniqsa, ziyorat turizmi yoʻnalishida hamkorlikni kengaytirishga xizmat qiladi. Shuningdek, bu kabi tashabbuslar Samarqandni musulmonlar uchun yanada jozibador maskan sifatida rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Abdulaziz YOʻLDOSHEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер