Samarqandda II Oʻzbekiston iqtisodiy forumi boʻlib oʻtmoqda
Foto: Xalq so‘zi
Buyuk ipak yoʻlining muhim chorrahasi boʻlgan qadimiy va betakror Samarqand shahrida II Oʻzbekiston xalqaro iqtisodiy forumi oʻz ishini boshladi. “Inson manfaatlarini iqtisodiy islohotlarning bosh mazmuniga aylantirish” mavzusiga bagʻishlangan ushbu anjumanda xalqaro tashkilotlar rahbarlari, nufuzli iqtisodchilar, investorlar va xalqaro ekspertlar ishtirok etmoqda.
“Buyuk ipak yoʻli” xalqaro turistik majmuasining Kongress markazida boʻlib oʻtayotgan forum Oʻzbekistonning kelgusi besh yillik taraqqiyot strategiyasi, iqtisodiy imkoniyatlari, dunyo hamjamiyati bilan hamkorligi va rivojlanish tendensiyalarini muhokama qilish maydoniga aylanishi kutilmoqda.

Forum avvalida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari oʻrinbosari Sherzod Asadov Prezident Shavkat Mirziyoyevning ishtirokchilarga yoʻllagan murojaatini oʻqib berdi.
Murojaatda keltirilganidek, dunyoda davom etayotgan murakkab pandemiya va global iqtisodiy inqiroz oqibatlari, turli notinchliklar va ziddiyatlar fonida yuzaga kelayotgan oziq-ovqat va energetika xavfsizligini taʼminlash, iqlim oʻzgarishi muammolari inson taqdiri haqida jiddiy bosh qotirishni kun tartibidagi dolzarb masalaga aylantirdi. “Bugungi forum nufuzli xalqaro tashkilotlar, yetakchi xorijiy kompaniyalar va taniqli ekspertlar ishtirokida bu boradagi ilgʻor tajribalarni muhokama qilish hamda birgalikda umumiy harakatlar rejasini ishlab chiqish uchun qulay imkoniyat boʻlib xizmat qiladi”, deya ishonch bildirgan davlatimiz rahbari.
Birinchi Oʻzbekiston iqtisodiy forumidan beri oʻtgan yil davomida geosiyosiy keskinliklar, taʼminot zanjirlarining buzilishi, iqlim oʻzgarishi oqibatida kelib chiqqan tabiiy ofatlar, yuqori inflyatsiya va boshqa muammolar jahonning eng rivojlangan davlatlari uchun ham koʻplab qiyinchiliklarni keltirib chiqardi.
Mamlakatimiz ushbu va boshqa paydo boʻlayotgan murakkab iqtisodiy-ijtimoiy masalalarni izchillik bilan hal qilmoqda. Asosiy kuchi xususiy sektor boʻlgan ochiq va barqaror iqtisodiyot tomon tub oʻzgarish jarayoni izchillik kasb etayotir. Sinovlar davlatimiz rahbari boshchiligida ishlab chiqilgan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi asosida oldinga siljish va islohotlarni davom ettirish zarurligini yana bir bor tasdiqlaydi.
Birinchi yalpi yigʻilish mamlakatimiz erishgan ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot va yaqin kelajakda respublikani oldinga olib chiqadigan ulkan rejalarga bagʻishlandi. Unda xalqaro sheriklar va biznes vakillari bilan hamkorlikning hayotiy ahamiyatiga alohida eʼtibor qaratildi.
Muhokamalarda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazir oʻrinbosari – iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vaziri Jamshid Qoʻchqorov, Bosh vazir oʻrinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xoʻjayev, Jahon banki vitse-prezidenti Anna Berde, Xalqaro valyuta jamgʻarmasi, Osiyo taraqqiyot banki, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki hamda “TBC Group” rahbarlari ishtirok etdi.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vaziri dastavval 800 dan ortiq mehmonlar ishtirok etgan birinchi Oʻzbekiston iqtisodiy forumining natijalari bilan oʻrtoqlashdi.
— Birinchi Forum avvalgi besh yil davomida amalga oshirilgan islohotlar sarhisobi va istiqboldagi rejalarga bagʻishlangan edi, — deydi J. Qoʻchqorov. — Shuningdek, mazkur forum doirasida xususiylashtirish, davlat-xususiy sherikligi, kredit liniyalari va boshqa hamkorlik yoʻnalishlari boʻyicha ellikdan ziyod shartnomalar imzolangan edi. Shu bilan birga oʻtgan yilgi forumdagi muzokaralar va uchrashuvlar 2022-2026-yillar uchun Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasiga yangicha yondashuv, fikr va dadil maqsadlarni taklif etishga ishonch baxsh etgan edi. Ushbu takliflar va maqsadlar hurmatli Prezidentimiz tomonidan maʼqullanib, Taraqqiyot strategiyasida oʻz aksini topganini mamnuniyat bilan bildiraman. Bu yilgi forum esa oʻtgan yilgi tadbirning mantiqiy davomidir. Ikki kun davomida Taraqqiyot strategiyasidan oʻrin olgan islohotlarni real hayotda amalga oshirish hamda belgilangan maqsadlarga erishish boʻyicha fikr almashamiz.
Qayd etilganidek, “Inson manfaatlarini iqtisodiy islohotlarning bosh mazmuniga aylantirish” mavzucidagi forum maqsad-mohiyati Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2022-yilni “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili” deb eʼlon qilingani va Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi bilan chambarchas bogʻliq.
Taraqqiyot strategiyasining markazida eng birinchi navbatda inson qadri va manfaati turadi. Unda 2026-yilgacha mamlakatimizda aholi jon boshiga toʻgʻri keladigan YAIM miqdorini amaldagi 2000 dollardan 2800 dollarga olib chiqish hamda iqtisodiy oʻsishning inklyuzivligini taʼminlash orqali kambagʻallik darajasini ikki baravarga qisqartirish asosiy maqsad sifatida aks ettirilgan.
Bu orqali 2030-yilga borib jon boshiga toʻgʻri keladigan YAIM miqdorini 4000 dollardan oshirish va oʻrta daromadli mamlakatlarning yuqori guruhiga kirish uchun qatʼiy maqsadga erishish yoʻlida navbatdagi bosqichni muvaffaqiyatli bosib oʻtgan boʻlamiz.

Iqtisodiyotning yuqori surʼatlarda oʻsishini taʼminlash esa sohani yanada erkinlashtirish va unda xususiy sektor ulushini oshirishni taqozo etadi. Shuning uchun ham bu galgi forumda uch yuzta xususiy sektordan oʻzbek biznes vakillarining ishtirok etayotgani quvonarlidir.
Maʼlumki, davlatimiz siyosatining muhim yoʻnalishlaridan biri bozor islohotlarining yordamga muhtoj qatlamlarga salbiy taʼsirini kamaytirish va manzilli ijtimoiy himoya choralarini koʻrishdan iborat. Shu bois ushbu forumga ijtimoiy sohadagi eng faol nodavlat notijorat tashkilotlar ham taklif qilingan. Ular, avvalo, muhtoj insonlarga toʻgʻridan-toʻgʻri koʻmak koʻrsatish bilan birga hukumatga ijtimoiy himoya choralarini toʻgʻri belgilashda yordam berib kelmoqda.
Koʻrinib turibdiki, II Oʻzbekiston xalqaro iqtisodiy forumi hamkor-ishtirokchilar, biznes va fuqarolik jamiyati vakillari safining kengligi bilan oʻtgan yilgidan farq qiladi. Shu bilan birga hamkorlarga forum doirasida oʻz tadbirlarini tashkil etishlari uchun platforma taqdim etilgan.
II Oʻzbekiston xalqaro iqtisodiy forumi ertaga, 4-noyabr kuni oʻz ishini davom ettiradi.
Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring