Samarqandda hunarmandlarning ishi toʻxtab qolgani yoʻq

10:23 18 May 2020 Jamiyat
3648 0

Yurtimizda karantin cheklovlari eʼlon qilingan dastlabki kunlarda Prezidentimizning “Hurmatli hunarmandlar! Sizlarning mehnatingiz, yangi-yangi tashabbuslaringiz hozirgi vaqtda aholi bandligini taʼminlashga, albatta, munosib hissa qoʻshadi”, degan gaplari uyushmamizga aʼzo hunarmandlarni ruhlantirdi. Natijada, mana, salkam ikki oydirki, ular uyida oʻtirib, muntazam hunarmandchilik bilan shugʻullanmoqda, yoshlarga hunar sirlarini oʻrgatib, roʻzgʻoriga daromad keltiryapti.

— Pandemiya sharoiti faoliyatimizni biroz cheklagani bor gap, ammo uyda boʻlsak-da ishlimiz, daromad qilyapmiz, — deydi Oʻzbekiston xalq ustasi, kulol Xolmahmat Ismatillayev. — Oʻtgan vaqt davomida qariyb 8 million soʻmlik kulolchilik mahsulotlari yasadim. Uyda qolganim koʻpdan beri oʻylab yurgan yangi uslub-musavvirlik sanʼati va sopolchilik kasbini uygʻunlashtirishni sinab koʻrish imkoniyatini berdi. Toʻgʻri, ming yillar davomida Samarqand kulollik maktabi tarixida anʼanaviy chizma uslublaridan foydalanilgan. Biroq noanʼanaviy usullar, yaʼni naqshlar va tasvirlar bilan ishlov berish uslubi yangilik edi. Buni amalga oshirishda farzandlarim, nevaralarim ham birdek harakat qilishdi: biri sopol idish yasadi, biri yuqori issiqlikda quritdi, biri turli shakldagi surat va naqshlar soldi. Shuningdek, uy sharoitida mahallamizda yashovchi toʻqqiz nafar yoshga kulolchilik sirlarini oʻrgatyapman.

Xolmahmat aka kabi tajribali ustalarimiz saʼy-harakati tufayli 2020-yil 15-may holatida uyushmamizga 308 hunarmand aʼzolikka qabul qilindi va jami aʼzolarimiz 2172 tani tashkil qilmoqda. Quvonarlisi, ularning 909 nafari yoshlar. Bunday deyayotganimga sabab bor: avval shunday holat yuzaga kelgandiki, ayrim hunarmandchilik turlari boʻyicha shugʻullanuvchi hunarmandlar barmoq bilan sanarli va keksa edi. Bu esa oʻsha hunarning davomchisi yoʻqligi bois yoʻqolib ketish xavfi koʻpchilikni tashvishlantirar edi. Agar mavjud hunarmandlarning oʻrtacha yoshi avval 48-50 yosh boʻlgan boʻlsa, endilikda oʻn yetti-yigirma yoshli yigit-qizlarning hunarmandlar etagidan tutgani, sohaga qiziqish ortgani bois ularning oʻrtacha yoshi 40 yoshni tashkil etmoqda. Buni ayni kunlarda “Usta-shogird” anʼanasi asosida yigirmadan ziyod hunar turlari boʻyicha 643 shogird muntazam shugʻullanayotganidan ham yaqqol bilish mumkin.

Ayni karantin davrida Urgut tumanidagi Gʻoʻs qishlogʻida yashovchi kashtadoʻz Mavluda Hamdamova, Samarqand tumani Yuqori Turkman mahallasida yashovchi musiqa asboblari ustasi Bobomurod Haydarov, Ishtixon tumani Oʻzbekiston mahallasida yashovchi quroqchilik ustasi Rahima Hakimova uyida yoshlarga oʻz hunar sirlarini oʻrgatmoqda.

Yana bir gap. Samarqand shahar Bunyodkor mahallasida yashovchi yogʻoch oʻymakori Mansur Asadov bugungi kunda uyida yoshlarga oʻz hunari sirlarini oʻrgatish bilan birga “Yogʻoch oʻymakorligi muzeyi”ni tashkil etmoqda. Hademay u yerda oʻzining 15 nafar shogirdi bilan faoliyat boshlaydi.

Karantin davrida hunarmandlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash ham toʻxtab qolgani yoʻq. Yaʼni, 2020-yil davomida hunarmandchilikni rivojlantirish dasturiga koʻra viloyatimizda 835 ta loyihani amalga oshirish, buning uchun 849 hunarmandga 30 milliard 365,4 million soʻm imtiyozli bank kreditlari ajratish va 2091 ta yangi ish oʻrinlari yaratish koʻzda tutilgan. Bugungi kunda imtiyozli bank kreditlarini rasmiylashtirib, faoliyat olib borayotgan hunarmandlar 422 nafarni tashkil etmoqda va ular 14 milliard 499 million soʻm miqdorida mablagʻ bilan taʼminlandi. Natijada 954 ta yangi ish oʻrni yaratildi. Bu boradagi ishlar davom ettirilmoqda.

Umid Hakimov,

“Hunarmand” uyushmasi Samarqand viloyat boshqarmasi boshligʻi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер