Samarqandda firibgar unfurushlar faoliyati fosh etildi

17:32 30 Aprel 2020 Jamiyat
1569 0

Illyustrativ foto

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Samarqand viloyati boshqarmasi tomonidan hududda unni aholiga kafolatli tarzda va arzon narxda yetkazib berishda taʼsir koʻrsatayotgan shaxslar toʻgʻrisida olingan maʼlumotlarga asosan oʻtkazilgan tekshiruvda, “L-CH” MCHJga qarashli savdo maydonchasi treyderi Sh.P. va boshqalar “L-CH” MCHJning muhridan aldov yoʻli bilan foydalanib, qalbaki hujjatlarni tayyorlash orqali birja bitimlarini tuzish uchun maxsus login va parollarni qoʻlga kiritib, soʻngra 6 nafar shaxslarni mazkur jamiyatning treyderlari sifatida rasmiylashtirib, un savdosi bilan shugʻullanib kelganliklari aniqlangan.

Xususan, Sh.P. va boshqalar qalbaki hujjatlar asosida brokerlik faoliyatini amalga oshirib, boshqa shaxslarga tegishli boʻlgan login va parollardan noqonuniy foydalanib, respublikamizda eʼlon qilingan karantin davrida aholi ehtiyoji uchun zarur boʻlgan unni sotishda monopol muhitni vujudga keltirib, 7 ta xoʻjalik yurituvchi subyektlariga qiymati 3,2 milliard soʻmlik 1236 tonna unni olishga erishib, aholiga unni sunʼiy qimmat narxlarda sotib kelishgan.

Mazkur holatlar yuzasidan Sh.P. va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.

Shu oʻrinda barcha tadbirkorlarni xalqimizni sinayotgan ushbu davrda hamjihat boʻlib narxlarni asossiz oshirmasliklarini, halollik va qonunga itoatkorlik bilan faoliyatlarini amalga oshirishga chaqirib qolamiz.

Abdulaziz Yoʻldoshev

(Xalq soʻzi)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер