Samarqandda Yevropa parlamenti delegatsiyasi bilan muzokaralar oʻtkazildi

10:38 01 Aprel 2026 Siyosat
144 0

“Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi parlamentlararo forumi doirasida Yevropa parlamenti delegatsiyasi bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Oliy Majlis Senati Raisining birinchi oʻrinbosari Sodiq Safoyev Markaziy Osiyo va Moʻgʻuliston bilan aloqalar boʻyicha Yevropa parlamenti delegatsiyasi rahbari Djuzi Princhi hamda Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo boʻyicha maxsus vakili Eduards Stiprays bilan muzokaralar oʻtkazdi.

Uchrashuv chogʻida D. Princhi Oʻzbekistonga mazkur forumni ilgari surish va yuqori darajada tashkil etgani uchun minnatdorlik bildirib, ushbu platforma Markaziy Osiyo davlatlari va Yevropa Ittifoqi parlamentlari oʻrtasidagi muloqotning birinchi institutsional shakli sifatida muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladi.

Zamonaviy geosiyosiy oʻzgarishlar sharoitida tashqi aloqalarni diversifikatsiya qilish zarurligi qayd etilib, Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlikni mustahkamlash muhimligi taʼkidlandi. Shuningdek, Oʻzbekiston Yevropa Ittifoqining mintaqadagi ishonchli strategik sherigi sifatida eʼtirof etildi.

Yevropa Ittifoqining siyosiy muloqot bilan bir qatorda savdo-iqtisodiy, turizm, madaniy va taʼlim sohalarida ham hamkorlikni kengaytirishga tayyor ekanligi bildirildi.

Shuningdek, Yevropa parlamenti deputatlari Tomash Zdexovskiy va Terri Mariani “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti hamda Oʻzbekiston Prezidentining Bryussel shahriga amalga oshirgan tashrifi natijalarini yuqori baholab, ularning strategik ahamiyatini alohida qayd etdi.

Taʼlim, madaniyat va yoshlar almashinuvi sohalarida hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, mintaqa mamlakatlari fuqarolari uchun vizalar imkoniyatlarini kengaytirish boʻyicha amaliy choralar koʻrilayotgani ham taʼkidlandi.

Shu bilan birga, forum formatining ochiq va inklyuziv xususiyatini saqlab qolish, hamkorlar doirasini kengaytirish hamda ustuvor yoʻnalishlarni aniq belgilash orqali amaliy natijalarga erishish muhimligi qayd etildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar parlamentlararo forumlarni Bryussel shahrida va Markaziy Osiyo davlatlari poytaxtlarida muntazam oʻtkazishga tayyor ekanligini bildirdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?