Samarqandda “Yer yuzining sayqali” koʻrgazmasi ish boshladi
Foto: Xalq soʻzi
Ilm-fan, madaniyat va sanʼat beshigi, ulugʻvorlik, taraqqiyot va yuksalish timsoli boʻlgan Samarqand buyuk tarixga ega shahar hisoblanadi. Negaki, bu zamin insoniyat sivilizatsiyasida muhim rol oʻynagan, tarix sahifalarida nomi zarhal harflar bilan yozilgan va oʻchmas iz qoldirgan. Zarafshon vohasi hududidan topilgan tarixiy ashyolar, noyob topilmalar ana shu buyuk tarixdan darak berib turadi.

“Yer yuzining sayqali” deb nomlangan koʻrgazmaning ochilish marosimida qayd etilganidek, bugun mamlakatimizda muzeylarga boʻlgan eʼtibor oshdi. Bu soha vakillari nufuzli xalqaro koʻrgazmalarda ishtirok etyapti, rivojlangan mamlakatlar bilan muzeyshunoslikdagi hamkorlik kuchaydi. Bu yurtimiz, xususan, Samarqand tarixini jahon xalqlariga tanitishda muhim oʻringa ega.
Mazkur koʻrgazma oʻzbek xalqi va davlatchilik tarixi, birinchi va ikkinchi renessans davri, buyuk allomalar hayoti va faoliyati, unda Samarqandning yuksak siyosiy hamda madaniy oʻrnini namoyon etishga xizmat qiladi.
— Koʻrgazma orqali Movarounnahr va Xurosonda yashab ijod qilgan buyuk mutafakkirlar, allomalarning dunyo ilm-faniga qoʻshgan hissasini, ularning asarlarini, siymolarini arxeologik, etnografik manbalar yordamida tanishtirib borish ham koʻzda tutilgan, — deydi muzey bosh muhofizi Mahmudxon Yunusov. —Shu bois koʻrgazma davriy tartibda tashkil qilingan boʻlib, unda bronza va ilk temir davrida Samarqand tarixidagi siyosiy, madaniy jarayonlar, Samarqandning Buyuk Ipak yoʻlidagi mavqeyi, savdo yoʻllarida soʻgʻd tilining ahamiyati, oʻrta asrlarda sopol, toshlar, metall va shishadan ishlangan nodir buyumlarning namunalari oʻrin olgan.

Shuningdek, koʻrgazma doirasida IX-XII asrlardagi birinchi Renessans davrida Samarqandda taraqqiy etgan ilm-fan va madaniyatning Movarounnahr rivojiga taʼsiri hamda Samarqand tarixini oʻrganish bilan bogʻliq arxeologik va etnografik ekspeditsiyalarda topilgan ashyolar tarix ixlosmandlari eʼtiboriga havola qilinmoqda.
Bundan tashqari, Sohibqiron Amir Temurning Samarqandni ilm-fan va madaniyat markaziga aylantirish, ijtimoiy-iqtisodiy hayot farovonligi yoʻlida qoʻshgan ulkan hissasi ham muzey ashyolari yordamida koʻrsatib beriladi. Ayni jarayonda Mirzo Ulugʻbek, Qozizoda Rumiy, Gʻiyosiddin Jamshid Koshiy, Ali Qushchi kabi allomalarning ilm-fanga qoʻshgan hissasi va madaniy merosiga keng oʻrin ajratilgan.
Koʻrgazma joriy yilning oktyabr oyiga qadar davom etadi.
Abdulaziz YOʻLDOSHEV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring