Samarqandda bolalar velomarafoni oʻtkazildi

22:52 30 May 2022 Jamiyat
852 0

Foto: Халқ сўзи

Samarqand shahrida 1-iyun - Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan maktabgacha yoshdagi bolalar oʻrtasida II velomarafon oʻtkazildi.

Maktabgacha taʼlim vazirligi tomonidan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi, Sportni rivojlantirish vazirligi hamda Samarqand viloyat hokimligi hamkorligida tashkil qilingan tadbirda 120 nafar 6 yoshli oʻgʻil-qizlar ishtirok etdi.

Oliy Majlis Senati Raisi, Oʻzbekiston velosport federatsiyasi raisi Tanzila Norboyeva, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Oʻzbekistondagi loyihalari koordinatori v.b. Xans-Ulrix Im oʻtgan yil ilk bor Toshkent shahrida, bu yil Samarqandda oʻtkazilayotgan mazkur tadbir farzandlarimizni yoshligidan sport bilan shugʻullanishga daʼvat etish, ular oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini qaror toptirishga xizmat qilishini taʼkidladi. Shuning uchun ham kelgusi yildan bu marafonni yurtimizning barcha hududlarida oʻtkazish koʻzda tutilgani qayd etildi.

Taʼkidlash joizki, bolalar va oʻsmirlarni ekologik, jismoniy tarbiya va sportga ommaviy jalb qilish masalalari Oʻzbekiston Respublikasi hukumatining doimiy eʼtiborida boʻlib kelmoqda.

Maktabgacha taʼlim vazirligi masʼullarining maʼlum qilishicha, 2021-yilda maktabgacha taʼlim tizimida ekologik taʼlim-tarbiya hamda bolalar uchun begovel haydash metodikasini joriy etish boʻyicha loyiha ishga tushirildi. Buning uchun 13 ta tayanch davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti 400 ta begovel bilan taʼminlandi. Joriy yilda esa loyiha doirasida 20 ta davlat MTTga 500 ta begovel taqdim etildi. Jumladan, Samarqanddagi bir qator maktabgacha taʼlim tashkilotlari ham mazkur loyihaga qoʻshildi. Begovellarning asosiy ustun jihati shundaki, unda kichik yoshdagi bolalar muvozanatni ushlashni qiyinchiliksiz oʻrganishadi va bu ularga kelajakda oddiy velosipedga oʻtish jarayonini osonlashtiradi.

Oʻtkazilgan bolalar velomarafonining asosiy maqsadi atrof-muhitni muhofaza qilish va yashil transport turidan foydalanish sohasida barqaror koʻnikmalarni rivojlantirish, shuningdek, maktabgacha yoshdagi bolalar oʻrtasida velosportni ommalashtirish, yoʻl harakati xavfsizligi qoidalariga rioya qilishga oʻrgatishdan iborat.

Velomarafonda ishtirok etgan bolalar esdalik medallari, sovgʻalar bilan taqdirlandilar. Ular uchun koʻngilochar dastur tashkil etilib, sanʼatkorlar bilan birgalikda turli tanlov va oʻyinlarda ishtirok etishdi.

Tadbir doirasida Samarqand viloyat hokimligi tomonidan viloyat velosport federatsiyasiga 2 ta “Damas” avtomashinasi va 40 ta zamonaviy velosiped topshirildi.

Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер