Samarqandda “Besh tashabbus olimpiadasi”ning ikkinchi mavsumiga qizgʻin tayyorgarlik koʻrilmoqda
Foto: “Xalq soʻzi”
“Besh tashabbus olimpiadasi”ning birinchi mavsumida Samarqand viloyatida sport, madaniyat, sanʼat, kitobxonlik, axborot texnologiyalari va kasblar tanlovi boʻyicha 19 yoʻnalishda 393 ming 134 nafar yigit-qiz musobaqalarning mahalla, sektor, tuman (shahar), viloyat hamda respublika bosqichlarida bellashib, umumjamoa hisobida birinchi oʻringa sazovor boʻlgan edi.

Quvonarlisi, mazkur sport musobaqalarining respublika final bosqichida viloyat yoshlari 16 ta oltin, 9 ta kumush, 12 ta bronza medalini qoʻlga kiritdi hamda 782 nafar iqtidorli yigit-qiz saralanib, sport maktablariga qabul qilindi.
— Olimpiadaning ikkinchi mavsumi sentyabr-noyabr oylarida oʻtkazilishi rejalashtirilgan boʻlib, 10-avgustdan 15-avgustgacha ishtirokchilar “my.sport.uz” yoki “beshtashabbus.uz” platformalari orqali onlayn roʻyxatdan oʻtadi, — deydi Samarqand viloyati yoshlar siyosati va sport boshqarmasi boshligʻi Shuhrat Roʻziyev. — Hozirda musobaqalar oʻtadigan joylarni belgilash, sport inshootlarini tayyorlash, hakamlarni biriktirish, bahslarni belgilangan vaqtda nizom asosida oʻtkazilishini nazorat qilish hamda gʻolib va sovrindorlarni taqdirlash choralari koʻrilmoqda.

Musobaqaning yangi nizomiga koʻra, ushbu mavsumda maktab oʻquvchilari yetti yoʻnalishda, professional taʼlim muassasalari oʻquvchilari besh yoʻnalishda, oliy taʼlim muassasalari talabalari toʻrt yoʻnalishda, mahalla yoshlari olti yoʻnalishda sport musobaqalarida belgilangan yosh toifasida ishtirok etadi.
Musobaqalarga 7-30 yoshgacha boʻlgan yoshlarning 400 ming nafardan ortigʻini qamrab olish, respublika final bosqichida 50 dan ortiq medallarni qoʻlga kiritishi rejalashtirilgan.

Aytish joiz, joriy yilning oʻtgan davri mobaynida 420 dan ortiq mahalliy, respublika va xalqaro sport tadbirlari oʻtkazildi va samarqandlik sportchilar 563 ta oltin, 585 ta kumush hamda 890 ta bronza medallarini qoʻlga kiritdi.
Shuningdek, Samarqand toʻrtta xalqaro musobaqaga mezbonlik qildi. Shu yilning 15-17-sentyabr kunlari triatlon boʻyicha “Shallyengye Samarkand” xalqaro musobaqasi va Oʻzbekiston chempionatiga ham Samarqand shahri mezbonlik qilishi kutilmoqda.
Abdulaziz YOʻLDOSHEV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring