Samarqandda aholi va korxona oʻrtasida parrandachilik kooperatsiyasi yoʻlga qoʻyildi
Foto: Xalq soʻzi
Qoʻshrabot tumanidagi “Qoʻshrabot lomann parranda” masʼuliyati cheklangan jamiyatida Germaniya texnologiyasi asosida 40 milliard soʻmlik naslli parrandachilikni rivojlantirish loyihasi amalga oshirilib, “Lomann” zotli naslli joʻjalar parvarish qilib kelinmoqda.
Korxona yiliga 10 million dona naslli joʻja yetishtirishga moʻljallangan boʻlib, yillik eksport quvvati 1 million dollarni tashkil etadi.
— Biz oʻz faoliyatimizni oʻtgan yilning iyun oyidan boshlab, naslli parranda yetishtirish boʻyicha Markaziy Osiyoda yirik loyihalardan birini amalga oshirdik, — deydi “Qoʻshrabot lomann parranda” MCHJ ijrochi direktori Jahongir Habiyev. — Bu yerda 80 nafar ishchi tomonidan har oyda 700 mingta naslli joʻja yetishtirilib sotilmoqda.
Shu tariqa mahalliy aholi va korxona oʻrtasida parrandachilik kooperatsiyasi tashkil etilib, 120 kunlik naslli tovuqni kredit asosida aholiga yetkazib berish, tuxumni korxonaning oʻzi tomonidan sotib olish faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
Hozirgi kunga qadar tumandagi 100 ta xonadonga 15 mingta tovuq tarqatilgan. Har kuni 14 ming 700 ta tuxum olinib, xaridorlarga yetkazib berilmoqda. Yil yakuniga qadar 1000 ta xonadonga 150 ming bosh tovuqni tarqatish orqali 600 nafargacha aholining doimiy daromad olishini taʼminlash koʻzda tutilmoqda. Natijada tumanda tuxum yetishtirish yiliga qoʻshimcha 27 million donaga koʻpayadi hamda Kattaqoʻrgʻon, Nurobod, Oqdaryo tumanlarini ham tuxum bilan taʼminlash imkoniyati yaratiladi.
— Barcha jarayonlar zamonaviy texnologiyalar asosida olib boriladi. Shuning uchun ham inkubatorga qoʻyilgan tuxumlarning 90-95 foizi ochib chiqadi, — deydi bangladeshlik muhandis Muhammad Arshad Hoshim. — Bundan tashqari, korxonada buyurtmachi talabiga asosan kasalliklarga qarshi birinchi emlash ishlari ham bajariladi.
“Tinchlik” MFYda yashovchi Xolyor Usmonovning turmush oʻrtogʻi “Ayollar daftari”da, oʻgʻli esa “Yoshlar daftari”da turar edi. Ularning bandligini taʼminlash maqsadida “Har bir oila – tadbirkor” dasturi asosida imtiyozli kredit ajratilib, “Qoʻshrabot lomann parranda” MCHJ korxonasidan 640 bosh tovuq olib berildi.
— Kredit yordamida inkubator olib, xonaki tovuqlar ochirishni boshladik, — deydi X.Usmonov. — Natijada zotli parranda ochirish va tuyaqush boqish yoʻlga qoʻyildi. Tuyaqushlarning har biri 70-80 kilogrammdan goʻsht qiladi va kilosini 100 ming soʻmdan sotib olish uchun xaridor bor. Bugungi kunda xonadonimizda 10 ming boshdan ortiq joʻja, 1000 bosh zotli tovuq va 10 bosh tuyaqush boqilmoqda. Bu yumushlar uchun 4 nafar mahalladoshimiz bandligi taʼminlangan.
Abdulaziz YOʻLDOSHEV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring