Samarqandda “Adliya sayli” boʻlib oʻtdi

19:23 09 May 2022 Jamiyat
1495 0

Foto: Халқ сўзи

Samarqand shahridagi “Qorasuv” massivida “Adliya sayli” tashkil etildi. Tadbir jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yanada oshirish, aholiga huquqiy axborotlarni, shu jumladan, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, qabul qilinayotgan qonun hujjatlari va Harakatlar strategiyasini “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining mazmun-mohiyatini yetkazish kabi ezgu maqsadlarni oʻzida ifoda etdi.

“Adliya sayli” aholining barcha qatlamlarini qamrab oldi. Jarayonda huquqiy maʼlumotlar keng targʻib qilindi, aholi ijtimoiy faollikka chorlandi. Ularga bepul huquqiy maslahatlar berish maqsadida viloyatdagi barcha davlat organlari va tashkilotlari tomonidan maslahat burchaklari tashkil qilindi.

Samarqand shahar Davlat xizmatlari markazi, Samarqand shahar 2-son hamda Samarqand tuman FHDYO boʻlimlari tomonidan davlat xizmatlari sayyor tarzda koʻrsatilib, jami 42 ta murojaat oʻrganildi. 120 nafardan ortiq fuqarolarga notariuslar, advokatlar, “Madad” nodavlat notijorat tashkiloti tomonidan huquqiy maslahatlar berildi. Nemis, koreys va boshqa millat madaniyat markazlari vakillari ijrosida badiiy chiqishlar, hunarmandchilik mahsulotlari koʻrgazmasi sayilga oʻzgacha shukuh bagʻishladi.

— Birinchi guruh nogironiman, — deydi samarqandlik hunarmand Umida Mahmudova. — 3 yildan beri hunarmandchilik bilan shugʻullanaman. Qoʻl mehnati boʻlgani bois sayilda mahsulotlarimga qiziqish katta boʻldi. Men yasagan mahsulotlar bugungacha AQSH, Rossiya, Qozogʻistonga eksport qilingan. Bugungi sayil esa yosh shogirdlar orttirishim uchun ham xizmat qildi.

“Qorasuv” mahallasida yashovchi, 2003-yilda tugʻilgan Firdavs Saydullayev ota-onasining beeʼtiborligi sabab shu paytga qadar tugʻilganlik guvohnomasi olmaganini maʼlum qildi. 19 yoshga kirgan fuqaroga shu joyning oʻzida Samarqand tuman FHDYO boʻlimi tomonidan tugʻilganlik guvohnomasi rasmiylashtirilib, tantanali ravishda topshirildi. Endi Firdavs bir necha yillik muammosi barham topganidan xursand. Guvohnoma yordamida u shaxsini tasdiqlovchi pasport olishga kirishmoqchi.

Shuningdek, tadbirkor Z. Samadov tuzilgan ijara shartnomasini bekor qilish boʻyicha notariuslardan shu joyning oʻzida amaliy yordam soʻradi va tadbirkorning murojaati Toyloq tumanida xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notarius Anvar Xolmuradov tomonidan koʻrib chiqilib, joyida notarial harakat amalga oshirildi.

— Tadbir aholi bilan yuzma-yuz muloqotda boʻlib, ularni qiynayotgan huquqiy masalalarni joyida hal qilish imkonini yaratdi, — deydi Samarqand viloyat adliya boshqarmasi masʼul xodimi O. Muhammadiyev. — Sayil davomida nafaqat adliya tizimidagi tashkilotlar, balki bugungacha boshqarmaga kelib tushgan murojaatlardan kelib chiqib, turli tashkilot va muassasalar ham jalb qilingan va ular fuqarolar bilan muloqotda boʻlib, oddiy odamlarning muammolariga birgalikda yechim topishdi.

Tadbir davomida qonun hujjatlariga oid viktorina tarzida savol-javoblar uyushtirilib, faol qatnashuvchilarga esdalik sovgʻalari topshirildi.

Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер