Samarqandda 92 ming nafarga yaqin bola birinchi sinfga qadam qoʻydi
Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi maʼlumotiga koʻra, hozirgi kunda Samarqand viloyatida 1272 ta umumtaʼlim maktabi, 18 ta ixtisoslashtirilgan maktab, bitta Prezident maktabi hamda 46 ta nodavlat taʼlim muassasasi faoliyat yuritmoqda. Ularda jami 777 mingdan ziyod oʻquvchi taʼlim olyapti.
Yangi oʻquv yilida esa viloyat boʻyicha 91 ming 700 nafardan ziyod bola birinchi sinfga qadam qoʻydi.
Bugun viloyatdagi barcha umumtaʼlim maktablarida “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” shiori ostida “Birinchi qoʻngʻiroq” tadbirlari koʻtarinki ruhda boʻlib oʻtdi.
Samarqand shahridagi 43-umumtaʼlim maktabida oʻtkazilgan tadbirda viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev ishtirok etdi.

Viloyat rahbari oʻquvchi va oʻqituvchilarni Mustaqilligimizning 34-yilligi va yangi oʻquv yili bilan tabriklab, birinchi sinfga qadam qoʻygan bolajonlarga “Prezident sovgʻasi”ni topshirdi.
— Muassasamizda 1630 nafar oʻquvchi tahsil olmoqda, — deydi 43-maktab direktori oʻrinbosari Farangiz Doʻstmurodova. — Ularga 76 nafar malakali oʻqituvchi taʼlim-tarbiya berib kelyapti. Oʻtgan oʻquv yilida maktabimizni 70 nafar oʻquvchi bitirgan boʻlsa, ularning 30 nafari oliy oʻquv yurtlariga oʻqishga kirdi. Joriy oʻquv yilida esa 140 nafardan ziyod oʻquvchi birinchi sinfga qabul qilindi.
“Birinchi qoʻngʻiroq” tadbirida qayd etilganidek, davlatimiz rahbari tomonidan yurtimizda taʼlim sifati va moddiy-texnika bazasini yaxshilashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Joriy yilda viloyatda 81 ta maktab, 6 ta maktabgacha taʼlim tashkiloti, ikkita oliy taʼlim dargohi, 9 ta sport inshooti qurildi.
Nodavlat maktablar tashkil etishga qaratilgan eʼtibor tufayli bu yil yana 5 ta xususiy maktab faoliyat boshladi.
Abdulaziz YOʻLDOSHEV
“Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring