Samarqandda 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar 13 turdagi yuqumli kasallikka qarshi emlandi
Foto: «Xalq so‘zi»
Dunyo bo‘ylab har yili aprel oyining oxirgi haftasida jahon immunizasiya haftaligi o‘tkazib kelinadi. O‘zbekistonda ham bu tadbir joriy yilning 24-30 aprel kunlari keng nishonlandi. Bugun yurtimizda oldini olish mumkin bo‘lgan 13 turdagi yuqumli kasallikka qarshi immunizasiya tadbirlari milliy emlash kalendariga asosan amalga oshirilmoqda.
Immunizasiya haftaligi doirasida Samarqand viloyatida ham mavjud 422 ta emlash punktlari barcha turdagi vaksinalar bilan to‘liq ta’minlandi. Aholi qayerda yashashidan qatiy nazar, hohlagan punktga murojaat qilib emlanish huquqiga ega.
Samarqand viloyat Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi axborot xizmati bergan ma’lumotga ko‘ra, haftalik doirasida viloyatda Rotavirus infeksiyasiga qarshi “Rotasiil” vaksinasi bilan 25.560 nafar, qizamiq, qizilcha, tepkiga qarshi KPK vaksinasi bilan 8233 nafar, qizamiq va qizilchaga qarshi alohida KK vaksinasi bilan 6796 nafar, pnevmokokk infeksiyasiga qarshi “Pnevmokokk” vaksinasi bilan 14.885 nafar bolalar emlandi.
Shuningdek, poliomiyelit kasalligiga qarshi og‘iz orqali OPV vaksinasi bilan 21.812 nafar, inyeksiya orqali IPV vaksinasi bilan 10865 nafar, 5 xil ko‘k yo‘tal, bug‘ma, kokshol, XIB, virusli gepatit V kasalliklariga karshi bir inyeksiya orqali Pentavalent vaksinasi bilan 15210 nafar, ko‘k yo‘tal, bug‘ma, koksholga qarshi alohida AKDS vaksinasi bilan 5874 nafar, kokshol, bug‘maning o‘ziga alohida ADSM vaksinasi bilan 4934 nafar, odam papilloma virusiga qarshi VPCh vaksinasi bilan 19.586 nafar o‘smir qizlar, virusli gepatit V kasalligiga qarshi VGV vaksinasi bilan 4060 nafar, sil kasalligiga qarshi BSJ vaksinasi bilan 4051 nafar chaqaloqlar emlandi.
- Immunizasiyaning samarasi Samarqand viloyatida qizamiq, qizilcha, shol, ko‘k yo‘tal, kokshol, bo‘g‘ma kasalliklari, 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar orasida virusli gepatit V kasalligi qayd etilmayapti, - deydi Samarqand viloyat Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi bosh immunologi Shoira Xalilova. - Tepki kasalligi, pnevmokok, roto, XIB infeksiyalar bilan kasallanish keskin kamayishiga erishildi. 2019 yildan boshlab, viloyatda 9 yoshli o‘smir qizlarimiz bachadon bo‘yni saratoniga qarshi VPCh vaksinasi bilan ham emlanmoqda. Aprel oyidan boshlab viloyatda 40 mingdan ortiq qizlar emlash punktlarida, maktablardagi tibbiy xonalarda 2-tur VPCh vaksinasi bilan emlanish ishlari olib borilyapti. Viloyatda ishlatilinayotgan barcha vaksinalar xavfsizlik sertifikatiga ega va har yili o‘qitilib, tayyorlangan maxsus tibbiy xodimlar, yaьni vaksinatorlar emlash ishlarini amalga oshiryapti.
Shuni taьkidlash kerakki, ushbu vaksinalar bilan 97 foizdan yuqori xavfsiz emlash bilan qamrab olish natijasida Samarqand viloyatida barqaror epidemiologik vaziyat saqlanmoqda. Viloyatda profilaktik rejali va epidemiologik ko‘rsatma asosida emlash ishlari davom etyapti.
Abdulaziz Yo‘ldoshev, “Xalq so‘zi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring