Samarqand shahridagi barcha svetoforlar almashtirilmoqda
Foto: “Xalq soʻzi”
Abdulaziz YOʻLDOSHEV/«Xalq soʻzi». Koʻchalarda tirbandliklarni bartaraf etish, haydovchi va piyodalarga qulay sharoitlar yaratish maqsadida Samarqand shahridagi barcha svetoforlar yangisiga almashtirilyapti.
Viloyat IIB yoʻl harakat xavfsizligi boshqarmasi axborot xizmati bergan maʼlumotlarga koʻra, «Aqlli svetofor» dasturi doirasida shahar koʻchalaridagi eski svetoforlarning ustunlari, elektr tarmoqlari simlari, svetofor qurilmalari va ularning boshqaruv apparatlari yangilanmoqda. Xalqaro standartlariga mos yangi svetoforlar Xitoyda ishlab chiqarilgan. Issiq va sovuq ob-havo sharoitlariga chidamli. Haydovchi va piyodalarga koʻrinishi aniq, qizil va yashil chiroqlarning almashish vaqtini koʻrsatib turadi.
Bundan tashqari, svetofor qurilmasi alohida imkoniyatlarga ega boʻlib, har bir yoʻnalish kuzatuv kamerasi bilan jihozlangan. Bu esa chorrahada harakatlanayotgan transport vositalarini videotasvirga oladi. Olingan maʼlumotlar asosida transport vositalarining hisobini jamlab, transport oqimidan kelib chiqib, qurilmaning ishlash tizimiga avtomatik oʻzgartirish kiritish mumkin. Shuningdek, ularning boshqaruv apparati qutisiga elektr quvvati zaxirasini ushlab turuvchi batareyalar oʻrnatilgan. Bu esa elektr tarmogʻi taʼminotida uzilish boʻlganda, ularni 5 soatgacha ishlab turishini taʼminlaydi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring