Samarqand shahrida bir yoʻla 4 ta maktabda yangi qoʻshimcha binolar foydalanishga topshirildi
Misol uchun, Sayhun mahallasida joylashgan 77-umumtaʼlim maktabida 360 oʻrinli yangi oʻquv binosi barpo etildi. Loyiha doirasida 4 milliard 320 million soʻm mablagʻ yoʻnaltirilib, oʻquvchilar uchun zamonaviy talablarga javob beradigan barcha sharoitlar yaratildi.
Yangi bino ishga tushirilishi natijasida maktabning quvvati 900 oʻringa yetdi. 1052 nafar oʻquvchi tahsil olayotgan taʼlim muassasasida qoʻshimcha 21 ta yangi ish oʻrni yaratildi.
Taʼlim sifatini yaxshilashga qaratilgan ishlar doirasida Samarqand shahrining Soʻfi Roziq mahallasida joylashgan 6-son, Tojmahal mahallasidagi 39-son, Maqsud Shayxzoda mahallasi hududidagi 44-umumiy oʻrta taʼlim maktablarining ham har birida 240 oʻrindan boʻlgan qoʻshimcha yangi oʻquv binolari qurilib foydalanishga topshirildi.

- Bizning 39-umumiy oʻrta taʼlim maktabining 240 oʻrinli qoʻshimcha yangi oʻquv binosining ishga tushishi natijasida maktabning quvvati 690 oʻringa yetdi, — deydi maktab direktori Nasiba Rahimova. — Shuningdek, qoʻshimcha 17 ta yangi ish oʻrni ham yaratildi. Bu esa taʼlim olish koeffitsiyentini bir muncha pasaytirish imkonini berdi. Bundan maktab jamoasi, oʻquvchilar va ularning ota-onalari ham mamnun.
Bundan tashqari Samarqand shahrining Hazora mahallasida zamonaviy 82-davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti yangi binosining ham ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Yangi bogʻcha zamonaviy shart-sharoitlar bilan taʼminlangan holda mahalladagi 180 nafar bolani maktabgacha taʼlim bilan qamrab oldi.

Bu kabi ezgu ishlar viloyatning chekka hududlarida ham davom etmoqda. Jumladan, Kattaqoʻrgʻon tumanidagi 1-ixtisoslashtirilgan davlat umumtaʼlim maktabi yangidan qurilib, foydalanishga topshirildi.
Yangi inshoot Davlat dasturi asosida 570 oʻringa, tashabbusli Byudjet doirasida 120 oʻringa moʻljallangan boʻlib, zamonaviy talablarga toʻliq javob beradigan oʻquv binosi hamda sport zalni oʻz ichiga oladi. Maktab zarur jihozlar bilan taʼminlanib, oʻquvchilar uchun qulay va sifatli taʼlim olish imkoniyatlari yaratildi.
Shuningdek, tumanning “Zarqoʻrgʻon” mahallasida 35-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti ham foydalanishga topshirildi. Mazkur taʼlim-tarbiya maskani toʻliq qayta taʼmirlanib, zamonaviy koʻrinishga keltirildi hamda bolajonlar uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratildi.

Narpay tumanining Xalqobod mahallasida joylashgan, 5 milliard 200 million soʻm evaziga qayta rekonstruksiya qilingan 210 oʻrinli 15-sonli maktabgacha taʼlim tashkiloti ham bolajonlar uchun oʻz eshiklarini ochdi.
Yangi taʼlim-tarbiya maskanlarining ochilish marosimlarida soha xodimlari hamda keng jamoatchilik vakillari, oʻquvchilar va ularning ota-onalari ishtirok etdi. Unda soʻzga chiqqanlar mamlakatimizda taʼlim sifatini oshirish yoʻlidagi barcha imkoniyatlardan toʻliq foydalangan holda yoshlar uchun zarur sharoitlar yaratilayotganligini eʼtirof etishdi.
Abdulaziz YOʻLDOSHEV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring