Samarqand Oʻzbekistonda YTTB “Yashil shaharlar” dasturiga qoʻshilgan birinchi shaharga aylandi
Saudiya Arabistonining yetakchi “Al-Inmae Press” onlayn-gazetasida “Samarqand Oʻzbekistonda YTTB «Yashil shaharlar” dasturiga qoʻshilgan birinchi shaharga aylandi» sarlavhali maqola eʼlon qilindi.
Nashrda taʼkidlanishicha, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YTTB) Boshqaruvchilar kengashining 32 yillik yigʻilishining ikkinchi kunida Oʻzbekiston hukumati va YTTB Samarqand shahrida elektr avtobuslarni ishlatish va kerakli infratuzilmani yaratish uchun 49 million AQSH dollari miqdorida suveren kredit ajratish toʻgʻrisida shartnoma imzolagan.
“Ajratilgan mablagʻlar 100 donagacha oʻrta sigʻimli (10,5m) zaryadlovchi qurilmalari oʻrnatilgan elektrobuslar xarid qilish, shuningdek, zarur infratuzilmani, jumladan, elektroavtobus deposi, elektr podstansiyasi, maʼmuriy binolar, ekspluatatsiya va texnik xizmat koʻrsatish inshootlarini yaratishga yoʻnaltiriladi”, deb qayd etadi manba.
Maqolada maʼlum qilinganidek, bu “Samarqand - yashil shahr” (GCAP) harakat rejasidagi birinchi loyiha boʻlib, barqaror rivojlanish istiqbollari va strategik maqsadlarni hamda ustuvor ekologik muammolarni hal qilish uchun zarur boʻlgan harakatlar va investitsiyalarni jalb qilishga yordam beradigan muhim qadamdir.
“GCAP shovqin va havo ifloslanishi, jumladan CO2 va boshqa zararli chiqindi gazlar chiqarilishini kamaytirishga yordam beradi”, - deb yozadi “Al-Inmae Press”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring