Samarqand davlat universiteti dotsenti xalqaro loyihada qatnashmoqda
Samarqand davlat universiteti oʻsimliklar fiziologiyasi va mikrobiologiya kafedrasi dotsenti Shuhrat Valiyev Hindistonda oʻtkazilayotgan “Barqaror ekotizimlar va jamiyatlar uchun tabiatga asoslangan yechimlar” nomli xalqaro loyihada ishtirok etmoqda.
Mazkur loyiha BMT va Hindiston oʻrmon xoʻjaligi vazirligi tomonidan tashkil etilgan boʻlib, unda 15 davlatdan 19 nafar olim qatnashmoqda. Ushbu nufuzli anjuman ekologiya va atrof-muhit muhofazasi sohasida dolzarb muammolarni hal etishga qaratilgan boʻlib, ishtirokchilar oʻz mamlakatlarida yuzaga kelayotgan ekologik muammolar va ularning yechimlari boʻyicha ilmiy taqdimotlar bilan qatnashmoqdalar.
Shuhrat Valiyev mazkur xalqaro tadbir doirasida “Oʻzbekiston yaylovlari va choʻllanish muammolari” mavzusida taqdimot qilishni rejalashtirgan. Taqdimotda Oʻzbekiston hududida kuzatilayotgan choʻllanish jarayoni, uning sabab va oqibatlari, yaylovlarning degradatsiyasi va ularning tiklanishi uchun qoʻllanilayotgan ekologik chora-tadbirlar haqida atroflicha soʻz yuritiladi.
Shuningdek, Shuhrat Valiyev taqdimoti davomida Oʻzbekistonning iqlim oʻzgarishiga moslashish strategiyalari, barqaror ekotizimlarni saqlash va tabiatga asoslangan innovatsion yechimlar toʻgʻrisida ham maʼlumot berishi kutilmoqda. Ushbu maʼruzalar xalqaro ekspertlar tomonidan muhokama qilinib, ekologik muammolarni hal etishda yangi yondashuvlarni ishlab chiqishga xizmat qiladi.
Samarqand davlat universiteti dotsentining ushbu ilmiy loyiha doirasidagi ishtiroki mamlakatimiz ekologiya sohasidagi ilmiy yutuqlarini xalqaro maydonda targʻib etish, xorijiy olimlar bilan ilmiy hamkorlikni rivojlantirish va ekologik muammolarni hal etishda ilgʻor tajribalarni oʻzlashtirish uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
Behruz SHAMSIDDINOV,
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring