Samarqand davlat tibbiyot universiteti Vengriya oliygohlari bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyadi

14:33 18 Mart 2026 Jamiyat
238 0

Joriy yilning 5-7-mart kunlari Samarqandda “Raqamli davrda oliy taʼlim: sunʼiy intellekt, innovatsion modellar va global raqobatbardosh universitetlar” mavzusidagi Oʻzbekiston — Vengriya rektorlarining uchinchi forumi boʻlib oʻtdi.

Forum doirasida zamonaviy oliy taʼlimni rivojlantirish, ilmiy hamkorlikni kengaytirish va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash masalalariga bagʻishlangan parallel sessiyalar hamda Oʻzbekiston va Vengriyaning yetakchi universitetlari rektorlari hamkorligining ustuvor yoʻnalishlari — muhandislik, axborot texnologiyalari, qishloq xoʻjaligi, suv xoʻjaligi, tibbiyot va boshqa sohalarda qoʻshma dasturlarni tashkil etish, professor-oʻqituvchilar hamda talabalar almashinuvini faollashtirish, qoʻshma ilmiy markazlar tashkil etish kabi masalalarda muhokamalar oʻtkazildi.

Shuningdek, ikki tomonlama hamkorlik memorandumlari imzolandi. Shu jumladan, Samarqand davlat tibbiyot universiteti rektori, professor Jasur Rizayev hamda Vengriya Rektorlar konferensiyasi prezidenti, Semmelveys universiteti rektori Bela Merkeli ishtirokida oʻzaro hamkorlik shartnomasi imzolandi.

Forumning yakuniy qismidan soʻng Vengriya Rektorlar konferensiyasi prezidenti, Semmelveys universiteti rektori Bela Merkeli Samarqand davlat tibbiyot universitetiga tashrif buyurdi. Tashrif doirasida nufuzli mehmon universitet va unda yaratilgan, sharoitlar, taʼlim shakli bilan tanishib, mavjud tizim va universitet faoliyatiga yuqori baho berdi.

Shuningdek, oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish bilan bogʻliq qator masalalar koʻrib chiqildi.

Abdulaziz YOʻLDOSHEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер