Samarqand arxeologiya instituti va Buxoro filiali faoliyati tashkil etiladi
Foto: Arxiv surat
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 31-avgustdagi 485-son qarori bilan Yahyo Gʻulomov nomidagi Samarqand arxeologiya instituti va uning Buxoro filiali faoliyati tashkil etildi hamda Fanlar akademiyasidan Madaniy meros agentligi tuzilmasiga oʻtkazildi.
Institutning vazifalari:
Qadimgi tosh asridan boshlab rivojlangan oʻrta asrlarni oʻz ichiga olgan Markaziy Osiyoning moddiy va maʼnaviy madaniyati tarixini oʻrganish borasida fundamental tadqiqotlar olib borish;
Tadqiq etiladigan davrlar madaniyatlari xronologiyasini va davrlashtirilishini ishlab chiqish;
Oʻzbekiston hududining ibtidoiy odamlar tomonidan oʻzlashtirilishini, sivilizatsiyaning shakllantirilishini, ilk shaharlar davlatchilik, qadimgi jamiyatlar dunyoqarashini, jahon dinlari paydo boʻlishini va rivojlanishini, savdo-sotiq munosabatlari va “Buyuk ipak yoʻli” tarixini oʻrganish;
Hunarmandchilik, metallurgiya va kon ishi, arxeologik yodgorliklarni aniqlash, arxeologik tadqiqotlar olib borish, xaritaga tushirish va ilmiy muomalaga kiritish;
Respublika hududidagi noyob arxeologik yodgorliklarni ochiq osmon ostidagi muzeylarga aylantirishning ilmiy asoslarini ishlab chiqish;
Arxeologik topilmalarni taʼmirlash uslubi va qadimiy texnologik usullarni tiklash hamda ushbu yoʻnalishda vakolatli organ tomonidan berilgan tegishli ruxsatnomaga ega boʻlgan arxeologiya tadqiqotlarini jalb qilish;
Arxeologiya sohasida ilmiy kadrlar tayyorlash, Institutning ilmiy yoʻnalishlaridan kelib chiqib, jahon ilm-fani yutuqlarini oʻrganish, ulardan foydalanishni hamda mahalliy va xalqaro miqyosda qoʻshma tadqiqotlar tashkil etishdan iborat.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring