Saksonda sanoqda, toʻqsonda tovoqda

12:58 14 Noyabr 2023 Jamiyat
288 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Erta koʻklam, ilikuzdi kezlarida aholi dasturxonini sabzavot va servitamin koʻkatlar bilan toʻldirish, bozorlarda narx-navo barqarorligini taʼminlash, qolaversa, yerdan unumli foydalanish, qoʻshimcha daromad manbalarini yaratishda toʻqsonbosti ekinlarning ahamiyati beqiyos.

Shu bois ham mamlakatimizda dehqonchilikning bu usuliga alohida eʼtibor qaratiladi. Shu kunlarda Qashqadaryo viloyatida ham bir tomonda dalalardan asosiy ekinlar hosili yigʻib olinayotgan boʻlsa, ikkinchi tomonda bogʻ va tokzorlar orasi, dala chetlaridagi boʻsh maydonlarga toʻqsonbosti ekinlarni ekish ishlari avjida.

Qamashi tumanidagi Sarbazor mahallasi ahli ham toʻqsonbosti usulda koʻkat va sabzavotlar yetishtirishning hadisini olgan. Ertachi piyoz va ertachi sabzi yetishtirish mahallaning oʻsish nuqtasi sifatida belgilanib, bu faoliyatni yanada rivojlantirishga ustuvor ahamiyat qaratilayotganing boisi ham shunda.

— Mahallamiz dehqonlari ayniqsa, ertachi piyoz yetishtirishda katta tajriba toʻplagan, – deydi mahalla oqsoqollaridan biri Musurmon Sattorov. — Biz piyoz urugʻini oktyabr oyida istalgan boʻsh maydonga tigʻiz holda ekamiz. Urugʻ unib chiqib, maysa olguniga qadar, asosiy ekin maydonlarimizdan hosilni yigʻib olib, yerni tayyorlashga ulguramiz. Shundan soʻng, yaʼni noyabr oyi oxiri, dekabr boshlarida esa uni koʻchat qilib, dalaga oʻtqazamiz. Bu yerdan samarali foydalanish bilan bir qatorda, hosilni ancha ertachi bozorga olib chiqish imkonini beradi. Masalan, bir necha yildan buyon may oyining boshlaridanoq hosilni bozorga olib chiqishni uddalayapmiz.

Maʼlumot oʻrnida aytib oʻtish joiz, Qashqadaryo viloyatida 2024-yil hosili uchun dehqon va fermer xoʻjaliklarining 22 ming 844 gektar bogʻ va tokzorlari qator oralariga, bundan tashqari, dala chetidagi maydonlar, aholi tomorqalarida toʻqsonbosti usulda piyoz, sarimsoqpiyoz va boshqa koʻkatlar hamda ayrim sovuqqa chidamli sabzavot mahsulotlari ekilmoqda.

Jahongir BOYMURODOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер