Sayrobning asrga boʻylashgan chinorlari

18:09 21 Fevral 2023 Jamiyat
1985 0

Foto: Illustrativ surat

Surxondaryo viloyatining xushmanzara manzillaridan sanalgan Boysun tumanidagi Sayrob qishlogʻi hududida qariyb bir asrlik ikki tup chinor bor. Oʻtgan asr boshlarida koʻhna chinor kovagidan bir muddat askarlar qarorgohi, 1920-yilda qishloq kengashi idorasi, 1932-1934-yillarda kutubxona faoliyat olib borgan. Keyinchalik esa qishloq savdo doʻkoni, maktab, choyxona, sartaroshxona sifatida foydalanilgan. Hozirda bu yerda moʻjazgina muzey tashkil etilgan.

Sayrob chinorlari tabiiy yodgorlik sifatida muhofazaga olingan boʻlib, balandligi 26 metr, shox-shabbalari diametri 21 metrni tashkil etadi. Mutaxassislar ayrim manbalarga tayanib, chinorning yoshi qariyb bir asrga teng ekanini qayd etadilar.

Surxondaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Ulugʻbek Qosimov uzoq yillik tarixga va oʻziga xos turistik ahamiyatga ega maskanda boʻlib, masʼullarga ushbu hududga sayyohlarni keng jalb qilish, sanitariya-gigiyena shoxobchasi, koʻchma savdo nuqtalari qurish, obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlarini olib borish boʻyicha topshiriqlar berdi.

Viloyat rahbari Sayrob qishlogʻida qurilishi rejalashtirilgan Yunon-Baqtriya tarixi muzeyi loyihasi bilan tanishdi. Sayrob qishlogʻini turistik maskanga aylantirish orqali mahalliy va xorijiy sayyohlar oqimini koʻpaytirish yuzasidan zarur chora-tadbirlar belgilandi.

Ilhom RAHMATOV,  “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер