Saylov jarayoni qizgʻin davom etmoqda

10:51 27 Oktyabr 2024 Jamiyat
212 0

Odilbek ODAMBOYEV/“Xalq soʻzi”. Mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotidagi muhim voqea – Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzodlar uchun ovoz berish jarayoni Xorazm viloyatida ham milliy qonunchiligimiz hamda umumeʼtirof etilgan demokratik tamoyillar asosida, fuqarolarning yuksak siyosiy faolligi bilan boshlandi. Saylovchilar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 4 ta, xalq deputatlari Xorazm viloyati Kengashining 40 ta, shahar va tuman Kengashlarining 310 ta deputatlik oʻrinlariga koʻrsatilgan nomzodlar uchun ovoz beradi. Viloyatda ovoz berish huquqiga ega saylovchilar soni 1 million 63 ming 714 nafar boʻlib, ularning 6056 nafari 16-oktyabrdan 23-oktyabrgacha muddatidan oldin ovoz berdi.

— Viloyatimizda 18 yoshdan 30 yoshgacha boʻlgan saylovchilar soni 294 ming 463 nafar, ularning 15 ming 374 nafari saylovda birinchi marta ishtirok etayotgan yigit-qizlardir, — deydi Yoshlar ishlari agentligining Xorazm viloyati boshqarmasi boshligʻi Timur Jumaniyozov. — Tengdoshlarimiz ushbu siyosiy tadbirda faol qatnashmoqda. Ularning ovozi Vatanimizning kelgusi besh yillikdagi taraqqiyotini belgilashda muhim ahamiyatga ega. Xalq deputatlari viloyat, shahar va tuman Kengashlariga siyosiy partiyalar tomonidan koʻplab yoshlarning ham nomzodi koʻrsatilgan. Xorazmning qalbi olov, shijoatli yigit-qizlariga saylovda omad tilayman!

Urganch shahridagi 28-saylov uchastkasi erta tongdan saylovchilar bilan gavjum boʻldi. Davlat madhiyasi yangrab, shundan soʻng ovoz berish jarayonlari boshlandi. Uchastka saylov komissiyasi aʼzolari koʻchma saylov qutisi bilan keksa va nogironlar fuqarolarga ovoz berish imkoniyatini yaratib berishdi.

— Saylovlarda koʻp marta qatnashganman, — deydi “Nuroniy” jamgʻarmasining Xorazm viloyati boʻlimi raisi Rustam Sultonov. — Saylovda ishtirok etish har bir fuqaroning burchi deb bilaman. Bu gal ham farzandlarim, nevara-chevaralarimga bosh boʻlib saylovda ovoz berish uchun keldim. Yaratganga shukr, yurtimiz tinch. Qarang, shaharu qishloqlarmiz obod boʻlib, turmushimiz farovonlashib bormoqda. Bugun el-yurt tinchligini, nevara-chevaralarim kelajagini oʻylab oʻzim maʼqul topgan nomzodga ovoz berdim. Mening ovozim yurtimiz taraqqiyotiga qoʻshgan kichik hissam boʻladi.

Saylovda viloyatda istiqomat qilayotgan turli millat va elat vakillarining faol ishtirok etgani yana bir eʼtirofga loyiq jihatdir.

— Saylov kampaniyasi davrida barcha millat va elat vakillariga oʻz tillarida saylovga oid materiallar bilan tanishib chiqish imkoniyati yaratib berildi, — deydi viloyatdagi turkman milliy madaniy markazi rahbari Davlatnazar Rajabov. — Hayotimizda yorqin iz qoldiradigan shunday muhim kunda “Turkmanlar” mahallasi ahli ham ertalabdan saylov uchastkasiga oshiqdik. Konstitutsiyamizda belgilab qoʻyilgan huquqimizdan emin-erkin foydalanib, muqobillik asosida koʻrsatilgan nomzodlardan biriga ovoz berish orqali oʻz qarorimizni saylov byulletenida ifodaladik. Bu yurtimiz taqdiriga daxldorligimizning amaldagi isbotidir.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер