Sahro bagʻridagi ovulda Navroʻz shukuhi
Foto: Xalq so‘zi
Buxoro viloyatida Shofirkon tumani markazidan 110 kilometr olisda, bepoyon Qizilqum choʻli bagʻrida joylashgan Churuq ovuli aholisi «Koʻklam bizning qir-adirlardan boshlanadi», deydilar. Bu gapda mubolagʻa yoʻq. Fevralu mart iliq va seryogʻin kelgan yillarda Churuq va uning chor-atrofi yashillikka burkanib , ovul jannatmonand goʻshaga aylanadi.
Bu gal ham tabiat churuqliklarga tantilik qildi. Yon-atrof yam- yashil. Shundoq ufqqa tutashib ketgan choʻldan turfa oʻsimliklarning xush boʻyi taraladi. Havo begʻubor. Choʻl havosidan nafas olib toʻymaysan kishi.

— Bu yilgi Navroʻzni ovuldoshlarimiz oʻzgacha ruh bilan qarshi olishmoqda, — deydi ovul oqsoqoli Beksavut Kanibekov. — Negaki, keyingi paytda Churuqda yashash ancha yaxshilandi. Maktabimiz zamonaviy shart – sharoitlarga ega boʻldi. Salomatlik punkti ishlab turibdi. Fuqarolarimizning ertangi kundan umidi katta. Har bir xonadonda qoʻy – echki, qoramol, parranda parvarish qilinyapti. Viloyat va tuman hokimliklari tomonidan ovulimizga doimiy eʼtibor qaratilmoqda. Chunonchi, kuni kecha tuman tibbiyot birlashmasi tomonidan tibbiy koʻrik tashkil etildi. Shuningdek, oziq-ovqat mahsulotlarining arzonlashtirilgan yarmarkasi oʻtkazildi. Mana, bugungi Navroʻz shodiyonasida ham tuman hokimligi masʼullari, madaniyat sohasi vakillari, tadbirkorlar kelib, quvonchimizga sherik boʻlishmoqda.
Churuqdagi 40 ta xonadonda jami 252 nafar kishi yashaydi. Qozoq millatiga mansub bu aholi urf-odatlarini, milliy anʼanalarini koʻz qorachigʻidek asrab-avaylab kelmoqda.
Navroʻz shodiyonasiga bagʻishlab yozilgan bayram dasturxoni atrofida jamuljam boʻlganlar ana shularni alohida eʼtirof etdilar. Ovul yoshlari tayyorlagan badiiy dasturda ham oʻzbek, qozoq tillarida kuy-qoʻshiqlar yangradi, yod aytilgan sheʼrlarda bahor, Navroʻz, tinchlik, doʻstlik madh etildi.
Istam IBROHIMOV, «Xalq soʻzi».
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring