Ruhiy salomatlik — jamiyat barqarorligining asosi

20:32 26 Mart 2026 Jamiyat
456 0

Asrimizda butun dunyo boʻylab yoshlar orasida ruhiy buzilishlar keskin koʻpayib borayotgani kuzatilmoqda. Ilgari asosan katta yoshdagilarga xos deb hisoblangan depressiya, xavotir buzilishlari, stress bilan bogʻliq holatlar bugun talabalar, yosh mutaxassislar va mehnat faoliyatini endi boshlayotgan kadrlar orasida ham keng tarqalyapti. Bu jarayon endilikda faqat tibbiy muammo sifatida emas, balki iqtisodiy barqarorlikka bevosita taʼsir koʻrsatuvchi strategik xavf sifatida ham qaralmoqda.

Ilmiy tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, ruhiy salomatligi buzilgan yosh mutaxassislarda mehnat unumdorligi pasayadi, ishga chiqmaslik holatlari koʻpayadi, qaror qabul qilishda xatolar ortib, kadrlar almashinuvi tezlashadi. Bu esa korxonalar, tashkilotlar va umuman milliy iqtisodiyot uchun katta yoʻqotishlarga sabab boʻladi.

Yoshlar psixologiyasiga taʼsir etuvchi zamonaviy omillar

Bugungi globallashuv va tezkor rivojlanayotgan jamiyat sharoitida yoshlar ruhiyatiga taʼsir etuvchi omillar tobora koʻpayib bormoqda. Mutaxassislar yoshlar orasida turli xil ruhiy buzilishlar, tushkunlik va xavotir holatlarining ortib borayotganini bir qator zamonaviy sabablar bilan izohlaydilar.

Avvalo, hayot surʼatining keskin tezlashuvi yoshlardan doimiy ravishda moslashuvni, tez qaror qabul qilishni va yuqori faollikni talab qilmoqda. Bu esa ruhiy charchoq va stress holatlarining kelib chiqishiga sabab boʻlayapti. Shu bilan birga, jamiyatdagi yuqori raqobat muhiti va ijtimoiy bosim — oʻqishda, ishda yoki shaxsiy hayotda muvaffaqiyatga erishish “majburiyat”i yoshlarni oʻzini doimiy solishtirish va qoniqmaslik holatiga olib kelmoqda. Ijtimoiy tarmoqlar, onlayn platformalar va axborotning toʻxtovsiz oqimi yoshlar ongiga katta yuk boʻlib tushmoqda. Bu holat diqqat tarqoqligi, emotsional beqarorlik va real hayotdan uzilish kabi muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. Shuningdek, iqtisodiy beqarorlik va kelajakka nisbatan noaniqlik hissi yoshlarning xavotirini yanada kuchaytiradi. Ish topish, moliyaviy mustaqillikka erishish yoki oʻz oʻrnini jamiyatda topish masalalari koʻplab yoshlar uchun jiddiy ruhiy bosim manbai hisoblanadi. Bunga qoʻshimcha ravishda, anʼanaviy ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarining, yaʼni oila, mahalla yoki jamoa yordamining susayishi yoshlarning muammolari bilan yolgʻiz qolib ketishiga olib kelmoqda.

Ruhiyati hali toʻliq shakllanib ulgurmagani sababli, bunday stress omillari, ayniqsa, yoshlarga kuchli taʼsir koʻrsatadi. Agar bu holatlarga oʻz vaqtida eʼtibor qaratilmasa va psixologik yordam koʻrsatilmasa, ular surunkali ruhiy kasalliklarga aylanib ketishi xavfi mavjud. Shu bois, yoshlar bilan ishlashda profilaktika, ochiq muloqot va ruhiy qoʻllab-quvvatlashni kuchaytirish muhim ahamiyat kasb etadi.

Ana shu sharoitda psixiatriya xizmatlariga ehtiyoj keskin ortib bormoqda. Psixiatrlar ruhiy buzilishlarni erta aniqlash, depressiya va stressning ogʻirlashib ketishining oldini olish, profilaktika ishlarini olib borish hamda jamoalarda sogʻlom ruhiy muhitni shakllantirishda hal qiluvchi oʻrin tutadi.

Jahon tajribasiga koʻra, ruhiy kasalliklarni erta bosqichda aniqlash va davolash nafaqat inson hayot sifatini yaxshilaydi, balki davlat xarajatlarini ham sezilarli darajada kamaytiradi.

Oʻzbekistonda aholi, ayniqsa, yoshlar salomatligini mustahkamlash davlat siyosati darajasiga koʻtarilgan. Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan farmon va qarorlarda aholi salomatligini muhofaza qilish, jumladan, ruhiy salomatlik xizmatlarini takomillashtirish ustuvor vazifa sifatida belgilangan.

Ruhiy salomatlik xizmatlarini birlamchi tibbiy yordam tizimi bilan integratsiya qilish, yosh psixiatrlar tayyorlash, ularni amaliyotga keng jalb etish hamda aholiga yaqin, qulay xizmatlar koʻrsatish strategik vazifalar qatoriga kiritilgan.

Mamlakatimizda yoshlar ulushi yuqori ekani inobatga olinsa, ruhiy salomatlik masalasi milliy taraqqiyot bilan bevosita bogʻliq ekani yaqqol namoyon boʻladi. Ruhan barqaror, psixologik jihatdan sogʻlom yoshlar — iqtisodiy oʻsish, innovatsiya va jamiyat barqarorligining asosiy tayanchidir.

Yoshlar ruhiy salomatligini saqlash va mustahkamlash masalasi bugungi kunda nafaqat tibbiy, balki ijtimoiy ahamiyatga ega strategik yoʻnalishlardan biriga aylanmoqda. Mavjud muammolarni samarali hal etish uchun qator ustuvor vazifalarni amalga oshirish dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

Eng avvalo, psixiatr va klinik psixologlar tayyorlash tizimini kengaytirish zarur. Zamonaviy talablarga javob beradigan, yoshlar bilan ishlash malakasiga ega mutaxassislar sonining koʻpayishi ruhiy muammolarni erta aniqlash va ularni bartaraf etishda muhim oʻrin tutadi. Bu borada oliy taʼlim muassasalarida maxsus yoʻnalishlar va qayta tayyorlash dasturlarini rivojlantirish maqsadga muvofiq.

Shu bilan birga, mutaxassislarni taʼlim, tibbiyot va mehnat jamoalariga integratsiya qilish alohida ahamiyatga ega. Maktab, oliy oʻquv yurtlari, korxona va tashkilotlarda doimiy psixologik xizmatning mavjud boʻlishi yoshlar va xodimlarning ruhiy holatini muntazam kuzatib borish, stress holatlarining oldini olish imkonini yaratadi. Mamlakatimizda bu yoʻnalishda muayyan ishlar qilingan boʻlsa-da, tizim hali toʻliq va barqaror shakllanib ulgurgani yoʻq. Avvalo, taʼlim tizimida psixologik xizmat nisbatan institutsionallashgan. Maktablar va oliy taʼlim muassasalarida shtat psixologlari lavozimlari joriy etilgan, ular asosan oʻquvchilar va talabalarning ijtimoiy moslashuvi, xulq-atvoridagi muammolar, stress va konflikt holatlari bilan ishlaydi. Biroq amaliyotda mutaxassislar yuklamasining ortiqcha ekani, bitta psixologga juda koʻp oʻquvchi toʻgʻri kelishi, buning ustiga, ishning koʻproq hisobot va formal tadbirlar bilan cheklanib qolayotgani kabi muammolar mavjud. Bu esa profilaktikadan koʻra oqibatlar bilan ishlash ustun boʻlib qolishiga olib kelmoqda.

Tibbiyot sohasida psixiatriya va klinik psixologiya xizmatlari asosan ixtisoslashtirilgan muassasalar doirasida faoliyat yuritadi. Birlamchi tibbiy boʻgʻin — poliklinika va oilaviy shifokorlar tizimida ham psixologik yordam yetarlicha integratsiya qilinishi zarur. Chunki koʻp hollarda ruhiy muammolar faqat ogʻirlashganidan keyingina mutaxassisga yoʻnaltiriladi, erta aniqlash va profilaktika mexanizmi esa zaif.

Mehnat jamoalari, yaʼni korxona va tashkilotlarda esa psixologik xizmat deyarli tizimli yoʻlga qoʻyilmagan. Aksariyat ish beruvchilarda xodimlarning ruhiy salomatligi shaxsiy masala sifatida qabul qilinadi. Natijada kasbiy charchoq, stress va konfliktlar koʻpincha yashirin qoladi yoki kech hal etiladi.

Toʻgʻri, soʻnggi yillarda ruhiy salomatlik masalasiga eʼtibor ortib borayotganini ham qayd etish kerak. Yoshlar siyosati, bandlik, taʼlim va sogʻliqni saqlash sohasida qabul qilinayotgan dasturlarda psixologik xizmatni kuchaytirish zarurligi koʻproq tilga olinmoqda. Ushbu dasturlarda psixologik yordam, profilaktika va maslahat xizmatlarini kuchaytirish masalasi eʼtiborga olinayotgani ham ijobiy tendensiyadir. Biroq, shuni ham taʼkidlash kerakki, mutaxassislarni taʼlim, tibbiyot va mehnat jamoalariga chuqur va samarali integratsiya qilish uchun hali qonunchilik, kadrlar tayyorlash, moliyalashtirish va jamoat ongini oʻzgartirish borasida izchil ishlar talab etiladi.

Jamiyatda ruhiy salomatlikka nisbatan mavjud stigmani kamaytirish zarur. Ruhiy muammolarni yashirish yoki uyat deb qabul qilish holatlari odamlarni oʻz vaqtida mutaxassisga murojaat qilishdan mahrum qilib qoʻyadi. Ochiq axborot, maʼrifiy tadbirlar va ommaviy axborot vositalari orqali bu qarashlarni oʻzgartirish mumkin.

Islohotlar va zamonaviy yondashuvlar

Bugungi kunda ruhiy salomatlik masalasi butun dunyoda tibbiyotning eng dolzarb yoʻnalishlaridan biri sifatida eʼtirof etilmoqda. Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti maʼlumotlariga koʻra, dunyo aholisining katta qismi hayoti davomida kamida bir marta ruhiy buzilish bilan toʻqnash keladi. Misol uchun, 2019-yilda dunyo boʻyicha taxminan 970 million odam ruhiy buzilishlar bilan yashagan, aksariyatida xavotir va depressiya kabi holatlar uchraydi. Taʼkidlash lozim, “ruhiy buzilish” deganda faqat ogʻir psixik kasalliklar emas, balki depressiya, xavotir, stress bilan bogʻliq klinik holatlar ham tushuniladi.

Avvallari psixiatriyaga oid muammolar jamiyatda yopiq mavzu hisoblangan boʻlsa, bugun ular ochiq muhokama etilayotgan ijtimoiy ahamiyatga ega masalaga aylandi. Bu oʻzgarish, avvalo, davlat siyosati darajasida sohaga eʼtibor kuchaygani bilan bogʻliq. Soʻnggi yillarda qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar psixiatriya xizmatlarini modernizatsiya qilish, moddiy-texnik bazani mustahkamlash, kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirishga xizmat qilmoqda. Ruhiy kasalliklarni faqat statsionar emas, balki ambulator va jamoa asosida davolashga ustuvorlik berilmoqda. Bu bemorlarning jamiyatdan uzilib qolmasdan, ijtimoiy moslashuvini taʼminlashga xizmat qiladi.

Hozirgi psixiatriya faqat dori-darmon bilan davolash bilan cheklanib qolmaydi. Jahon tajribasiga muvofiq ravishda Oʻzbekistonda ham biopsixoijtimoiy model (tibbiy, psixologik va ijtimoiy yondashuvni birlashtirgan usul) bosqichma-bosqich joriy etilmoqda. Ayniqsa, depressiya, xavotir buzilishlari, stressga bogʻliq holatlar hamda bolalar va oʻsmirlar ruhiy muammolarini erta aniqlashga katta eʼtibor qaratilmoqda. Birlamchi boʻgʻin shifokorlarini ruhiy kasalliklarning dastlabki belgilari boʻyicha tayyorlash bu borada muhim qadam boʻldi.

Psixiatriya sohasida raqamli texnologiyalarni joriy etish muhim yangiliklardan biri hisoblanadi. Telemeditsina, onlayn maslahatlar va masofaviy psixologik yordam xizmatlari, ayniqsa, chekka hududlarda yashovchi aholi uchun katta imkoniyat yaratmoqda. Sogʻliqni saqlash tizimini raqamlashtirish shaffoflik va samaradorlikni oshirishga xizmat qilmoqda.

Ruhiy kasalliklarga nisbatan notoʻgʻri qarashlar — stigma hanuzgacha dolzarb muammo boʻlib qolmoqda. Ilmiy tadqiqotlar shundan dalolat beradiki, stigma insonlarni oʻz vaqtida yordam soʻrashdan toʻxtatadi, bu esa kasallikning ogʻirlashishiga olib keladi. Shu bois aholining tibbiy madaniyatini oshirish, ommaviy axborot vositalari orqali tushuntirish ishlarini kuchaytirish muhim ahamiyat kasb etadi. Ruhiy salomatlik — har bir inson, har bir oila va butun jamiyat farovonligining ajralmas qismi. Uni asrash va mustahkamlash esa barchamizning umumiy masʼuliyatimizdir.

Dilafruz OʻROLOVA,

Toshkent davlat tibbiyot universiteti

“Psixiatriya va narkologiya” kafedrasi assistenti.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер