Roʻzaning bir kuni uchun fidya miqdori qancha va u kimlarga beriladi?

17:51 03 May 2020 Jamiyat
34475 0

Bu savolga Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Fatvo boʻlimi yetakchi mutaxassisi Gʻulomiddin XOLBOYEV batafsil javob berdi:

– Fidya kishi zimmasidagi narsani ado qilish maqsadida mol yoki shunga oʻxshash narsani berishdir.

Shariatimiz ikki toifa kishilarning roʻza tutmasligiga ruxsat berib, oʻrniga Ramazonning har bir kuni uchun fidya berishga buyurgan.

Birinchisi, qarilik sababli roʻza tutishga yaramaydigan, kun sayin jismonan zaiflashib borayotgan yoshi ulugʻ keksalar.

Ikkinchisi, surunkali kasal boʻlib, odatda tuzalishiga umid boʻlmagan va roʻza tutish salomatligiga jiddiy ziyon yetkazishi mumkin boʻlgan bemorlar.

Bu haqda Alloh taolo Qurʼoni karimda bunday marhamat qilgan: “(Roʻza tutishga) madori yetmaydiganlar zimmasida bir miskin kimsaning (bir kunlik) taomi fidyadir. Kimki ixtiyoriy ravishda ziyoda xayr qilsa (lozim boʻlganidan ortiq fidya bersa), oʻziga yaxshi. Agar bilsangiz, roʻza tutishingiz (fidya berib tutmaganingizdan) yaxshiroqdir” (Baqara surasi, 184-oyat).

Fidya Alloh taolo bandalariga bergan yengillikdir. Vatandoshlarimizga oson boʻlishi uchun har yili Ramazon oyida Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hayʼati tomonidan fidyaning oʻrtacha miqdori eʼlon qilinadi. Jumladan, 2020-yil (hijriy 1441-yil) Ramazonning har bir kuni uchun fidya miqdori oʻrtacha 20 ming soʻm, deb belgilangan.

Fidya Ramazon oyi kirishidan oldin berilmaydi. Oy kirishi bilan xohlasalar, oʻttiz kunlik roʻzaning fidyalarini birdaniga jamlab beradi, xohlasalar har kuni boʻlib-boʻlib toʻlab beradi. Roʻza fidyasini bir kishiga ham yoki bir necha kishiga ham berish mumkin.

Fidya miskin, faqir, beva-bechora, yetim-yesir, nochor va zakot berishga qodir boʻlmaganlarga beriladi. Ammo otasi, onasi, farzandlari, nabiralari, eri, xotini va zakot berishga qodir boʻlganlarga berishi joiz emas.

Fidya berib yurgan qariya yoki surunkali bemorlar roʻza tutishga qodir boʻlib qolishsa, bergan fidyalari bekor boʻlib, tutmagan roʻzalarining qazosini tutishi vojib boʻladi. Roʻza tutishga yaraydigan qariyalarga esa roʻza tutish farz boʻladi. Roʻza tutishga qodir boʻla turib fidya bersalar, roʻza ulardan soqit boʻlmaydi va fidyasi oʻz oʻrniga tushmaydi.

Tuzalishiga umid bor, odatda, maʼlum vaqtdan keyin shifo topadigan bemorlarga roʻza tutish zarar qilsa, ularning ham roʻza tutmasligiga shariatimiz ruxsat beradi. Ammo ular fidya bermaydi. Tuzalganlaridan keyin qazo boʻlgan kunlarning roʻzasini tutib beradi.

Afsuski, hozirgi kunda Ramazon oyida bemor boʻlib, tuzalgandan keyin qazosini tutib berishga layoqati boʻlgan baʼzi kishilar bemorliklarida roʻzaning fidyasini berib qoʻyib, tuzalganlaridan keyin “Men qazo boʻlgan roʻzalarimni tutmayman, chunki men fidyasini berganman” demoqda.

Zimmasida namoz va roʻzalarining qazosi bor kishi vafotidan oldin ularning fidyasini toʻlashni vasiyat qilishi vojibdir. Vasiyat etmay vafot etsa gunohkor boʻladi. Marhum fidya toʻlashni vasiyat qilgan boʻlsa, uni kafanlash, qabrga qoʻyish, qarzlarini toʻlashdan keyin qolgan bor mol-mulklari qiymatining uchdan biridan buyurilgan fidyani merosxoʻrlar ado qilishi vojib boʻladi. Ado qilmasalar, gunohkor boʻladi. Agar marhum fidya toʻlashni vasiyat qilmagan boʻlsa, yoki mol-mulk qoldirmagan boʻlsa, merosxoʻrlar oʻz ixtiyori bilan marhumning fidyasini toʻlashi ulkan savob hamda marhumga yengillik va rahm-shafqat qilgan boʻladi.

OʻzA

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер