Rossiyada "YouTube" va “Google”ga kirish bilan bogʻliq muammolar yuzaga kelmoqda. Oldinroq mamlakatda "Twitter"ga kirish tezligi pasaytirilgan edi
Illyustrativ foto
Rossiyada 10-mart kuni “YouTube“, ”Google” va boshqa serverlarga kirish bilan bogʻliq muammolar yuzaga kelgan. Ushbu holatga Roskomnadzor izoh berdi.
"Bu holatni “Twitter” trafigini sekinlashtirish toʻgʻrisidagi qarorga aloqasi yoʻq. Mamlakatda “YouTube“, ”Google”ga kirish borasida kuzatilayotgan muammolar Strasburgdagi maʼlumotlar markazida yuz bergan avariya bilan bogʻliq", deyiladi tashkilot matbuot xizmati bayonotida.
Rossiyadagi “YouTube“, ”Google” va boshqa serverlarga kirishda yuzaga kelayotgan muammolar oʻxshash holatlar Gʻarbiy Yevropa, Yaponiya va AQSHlarning Sharqiy sohillarida ham qayd etilgan. datacenterknowledge.com maʼlumotlariga koʻra, xosting provayderining maʼlumotlar markazi yongʻin natijasida zarar koʻrgan.
Avvalroq, 10-martdan boshlab Roskomnadzor Rossiyada “Twitter” tezligini pasaytirishi haqida qaror qabul qilgani haqida xabar bergan edik. Bunga platforma 2017-yildan hozirgi kungacha tashkilot talabiga binoan taqiqlangan maʼlumotlarga ega boʻlgan 3168 materialni, shu jumladan, voyaga etmaganlar tomonidan oʻz joniga qasd qilishga oid 2569 ta chaqiriqni, bolalar pornografiyasiga oid 450 ta hamda 149 ta giyohvand moddalarga doir maʼlumotni oʻchirib tashlamagani sabab boʻlgan.
Ushbu sekinlashuv mobil qurilmalarga 100, statsionar qurilmalarga 50 foiz taʼsir qiladi.
Keyinchalik Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov Roskomnadzorning qaroriga izoh berib, ruslar dunyoning barcha resurslaridan foydalanishlari kerakligini, ammo bu manbalar qonuniy asosda ishlashi lozimligini, Rossiyaning “Twitter”ni blokirovka qilish uchun “istak yoʻq”ligini, ammo Roskomnadzorning mamlakat qonunlariga rioya etilishini taʼminlash boʻyicha choralari juda asosli ekanini aytib oʻtgan edi.
Keyinchalik ayrim manbalarga koʻra, Roskomnadzor koʻrgan choralar oqibatida “Twitter” ishida sekinlashish kuzatilgani yoʻqligini, ammo federal organlarning saytlari, onlayn davlat xizmatlari platformalari ishdan chiqqanini, oʻnlab banklarning mijozlari onlayn va mobil ilovalar ishlamayotganidan shikoyat qilishayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Ammo ushbu xabarlarga hozircha rasman izoh berilgani yoʻq.
Ekspertlar esa bu chora Rossiya iqtisodiyotiga katta miqdorda zarar keltirishi mumkinligini aytishmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring