Rossiya va Ozarbayjon AZAL samolyoti halokati boʻyicha masala hal etilganini maʼlum qildi

21:19 15 Aprel 2026 Dunyo
263 0

Ozarbayjon va Rossiya Tashqi ishlar vazirliklari qoʻshma bayonot berib, unda tomonlar 2024-yilda AZAL aviakompaniyasining Embraer 190 samolyoti halokati oqibatlarini tartibga solish boʻyicha kelishuvga kelganliklarini bildirdilar.

“Ozarbayjon Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi prezidentlarining 2025-yil 9-oktyabr kuni Dushanbedagi uchrashuvida erishilgan kelishuvlarga muvofiq, tomonlar oqibatlarni, jumladan, kompensatsiya toʻlash masalasini tegishli tartibda hal etishga kelishdilar”, — deyiladi Ozarbayjon TIV tomonidan eʼlon qilingan bayonotda.

Bayonotdan kelib chiqadigan boʻlsak, hodisa Rossiya havo hududida havo hujumidan mudofaa (HHM) tizimining “qasddan boʻlmagan tarzda ishga tushib ketishi” natijasida sodir boʻlgan.

“Qabul qilingan chora-tadbirlar ittifoqchilik aloqalari doirasida oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirishga boʻlgan intilishni tasdiqlaydi”, — deyiladi xabarda.

Tomonlar “Ozarbayjon-Rossiya munosabatlarining izchil rivojlanishi” yaxshi qoʻshnichilikni mustahkamlash va ikki davlat xalqlari manfaatlari yoʻlida hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilishiga ishonch bildirdilar. Shuningdek, diplomatik idoralar aviahalokatda halok boʻlganlarning yaqinlariga chuqur hamdardlik izhor etdilar.

Eslatib oʻtamiz: Bokudan Grozniyga yoʻl olgan AZAL aviakompaniyasining Embraer E190 samolyoti 2024-yil 25-dekabr kuni Aqtau (Qozogʻiston) shahrida halokatga uchragan edi. Halokat oqibatida 38 kishi halok boʻlgan, 29 kishi omon qolgan.

Havo kemasi Kavkaz hududlariga Ukraina dronlari hujumi vaqtida Kaspiy dengizi orqali Qozogʻistonga yoʻnaltirilganidan soʻng qulab tushgan. Ushbu aviahalokatdan keyin Moskva va Boku munosabatlarida inqiroz yuzaga kelgan, Ozarbayjon Rossiyadan falokat uchun masʼuliyatni tan olishni talab qilgan edi.

Rossiya yetakchisi Vladimir Putin 2025-yil oktyabr oyida Ilhom Aliyev bilan uchrashuvda halokatga Rossiya HHM tizimidagi “texnik nosozlik” sabab boʻlganini, uchirilgan ikkita raketa samolyotga toʻgʻridan-toʻgʻri tegmasdan, undan 10 metr masofada portlaganini maʼlum qilgan edi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер