Rossiya va Yevropa davlatlarida konchilik ishlariga turtki bergan o‘zbeklar
Mamlakatimizda oltin qazib olish tarixini ko‘pchilik Qizilqum kengliklarining geologik o‘zlashtirilishi bilan bog‘laydi. Aslida esa u ancha qadim. Aytaylik, yurtimiz hududidagi oltin xususida bundan ikki yarim ming yil muqaddam Gerodot “massagetlar kumush va temirdan foydalanishmaydi, sababi ularda oltin va mis nihoyatda mo‘l”, deya qayd etgan. Qolaversa, Oltinsoy, Oltintov, Oltintopgan, Zarmitan kabi joy nomlanishlari ham bejiz kelib chiqmagan. Yoxud Zarafshon daryosini olaylik. Rivoyat qilishlaricha, qadimda kishilar mazkur daryo tubiga qo‘y terisini cho‘ktirib, uning junlari orasidan oltin zarralarini terib olishgan ekan.
Rivoyatlar o‘z yo‘ligayu, oltin konlarini topishning o‘zi aslida juda murakkab jarayon. Bu borada ajdodlarimiz ko‘pgina xalqlarga saboq berganligiga misollar ham bir talay. Shulardan biri Rossiyaning Ural tog‘lari hududida oltin va mis konlari topish va o‘zlashtirish bilan bog‘liq bo‘lib, bu haqida Navoiy davlat pedagogika instituti o‘qituvchisi Nilufar Neʼmatova quyidagilarni so‘zlab berdi.
- Buxoro zargarlik maktabining mahsulotlari, buxorocha oltin tangalar Petr I ni doimo o‘ziga rom etib kelgan. Ularni qo‘lga kiritish maqsadida chor shohi bir necha marta O‘rta Osiyoga ekspeditsiya jo‘natadi. Shulardan biriga kabardin aslzodasi Aleksandr Bekovich-Cherkasskiy rahbarlik qilib, uchinchi urinishida u boshliq harbiy ekspeditsiya Xiva xoni qo‘shinlari tomonidan qurshovga olinadi. A. Bekovich-Cherkasskiy qatl etilib, Xiva xoni Sherg‘ozixon uning kallasini Buxoro amiri Abulfayzxonga jo‘natadi.
Petr I ning g‘azabidan qo‘rqib ketgan Abulfayzxon rus podshohiga yuzdan ziyod tuyaga ortilgan sovg‘a-salom va Xonquli ismli to‘pchiboshisini elchi qilib jo‘natadi.
Xonqulining missiyasida yana bir vazifa bor edi. O‘n yil avval Astraxan qo‘zg‘olonida ishtiroki gumonlanib buxorolik savdogarlar hibsga olingan, ular orasida Xonquli to‘pchiboshining o‘g‘li Ashur ham bo‘lgan. Xonquli shu sababdan elchi qilib jo‘natilgan, o‘g‘li va boshqa savdogarlarga almashtirish maqsadida rus asirlarini ham o‘zi bilan olib ketgan edi.
Xonqulining o‘g‘lini ozod etish bilan bog‘liq iltimosi rad etilib, Petr I ning o‘zi asirlarni birma-bir so‘roq qiladi. So‘roq asosan konchilik, oltin va mis konlarini topish, ularni o‘zlashtirish, qayta ishlash bilan bog‘liq bo‘lib, nihoyat shoh o‘z qarorini eʼlon qiladi. Unga ko‘ra asirlarning to‘qqiz nafari ozod etilib, yurtiga qaytishiga ijozat beriladi. Ashur hamda uning do‘stlari Olim Shayxov va Bahodir Teshimov konchilik ishlari bilan shug‘ullanish uchun Uralga badarg‘a qilinadi.
Ashur konchilikdagi bilim va tajribasi bilan Rossiyaning XVIII asrdagi iqtisodiy qudratiga katta hissa qo‘shadi. Ural tog‘larida oltin va misning ulkan zaxiralarini topib, qazib olish va qayta ishlashni yo‘lga qo‘yadi. Bu xizmatlari uchun Petr I unga dvoryanlik unvonini berib, Ob va Tura daryolari o‘rtasida keng yer maydoni tortiq qiladi.
Ashur Yevropa va Osiyo kesishgan hududga dafn etilib, qabrtoshiga uning beqiyos xizmatlari bitilgan.
Buxorolik konchi Olimning taqdiri bundan-da qiziqarli. U Ural tog‘laridagi izlanishlari samarasi o‘laroq, podshoh farmoni bilan Germaniyaga jo‘natiladi. Ushbu mamlakatda ham konchilik ishlarida katta muvaffaqiyatlarga erishib, keyinchalik o‘z tajriba va bilimini Berlin va Drezden universitetalarida yoshlarga o‘rgatadi. Olim 97 yil umr ko‘rib, Drezden texnika universitetining bog‘iga musulmonchilik anʼanalariga ko‘ra dafn etiladi.
Uchinchi asir Bahodir esa Ural ortidagi Bayanovul okrugida bir necha konlarni kashf etib, ulardan biriga egalik huquqi beriladi. Uning avlodlari 1917 yilgi davlat to‘ntarishga qadar bu konlardan foydalanishgan.
Tadqiqotchi N. Neʼmatovaning bu maʼlumotlari tarixiy faktlar bilan tasdiqlangan. Biz keltirmagan maʼlumot esa “asharit” mineralining kashf etilishi va uning nomlanishi bilan bog‘liq. Tadqiqotchi ushbu mineral Xonquli o‘g‘li Ashur tomonidan kashf etilib, uning sharafiga nomlangan bo‘lsa kerak, degan farazni ilgari suradi. Shu o‘rinda bir qator faktlarga tayanadi. Ularni keltirib o‘tirmaganimiz sababi hali so‘nggi nuqta qo‘yilmaganligida. Shunisi aniqki, ajdodlarimiz Rossiya va Yevropada konchilik ishlarining ravnaqiga XVIII asrda salmoqli hissa qo‘shganlar.
Temur ESHBOYEV, “Xalq so‘zi”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring