Rossiya Federatsiyasi mudofaa vaziri Sergey Shoygu boshchiligidagi harbiy delegatsiya Oʻzbekistonga tashrif buyurdi
Kecha, 27-aprel kuni Rossiya Federatsiyasi mudofaa vaziri armiya generali Sergey Shoygu boshchiligidagi harbiy delegatsiya Oʻzbekistonga keldi.
Mehmonlar Buxoro xalqaro aeroportida Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vaziri general-leytenant Bahodir Qurbonov, viloyat hokimi Botir Zaripov va boshqa mutasaddilar tomonidan kutib olindi. Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabar berdi.
Delegatsiya aʼzolari koʻhna Buxoroning diqqatga sazovor tarixiy joylarida boʻlishdi. Xalqimiz aql-zakovati mahsuli boʻlgan osori-atiqalar mehmonlarda katta qiziqish uygʻotdi. Uch ming yildan ortiq tarixga ega qadimiy shaharning ertaklardagi qasrlarni yodga soluvchi maskanlaridagi har bir manzara, har bir bezakni hayrat bilan tomosha qilishdi. Buxoro mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
Tashrif davomida ikki davlat mudofaa idoralari rahbarlari tomonidan xalqaro va mintaqaviy xavfsizlik, Rossiya Federatsiyasi va Oʻzbekiston Respublikasi oʻrtasidagi harbiy va harbiy-texnikaviy hamkorlik masalalari muhokamasi rejalashtirilgan.
Tashrif davom etmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring