Romitanda yangi sayilgoh foydalanishga topshirildi
Foto: Xalq so‘zi
Buxoro viloyati Romitan tumani markazida loyiha qiymati 15 milliard soʻmdan ziyod boʻlgan sayilgoh – savdo va koʻngilochar xizmat koʻrsatish koʻchasi barpo etildi.

Mamlakatimiz Prezidentining shu yil 27-yanvardagi “Xizmatlar sohasini rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq bunyod etilgan maskanda 65 ta savdo va maishiy xizmat koʻrsatish shoxobchasi mavjud. Bu yerda oʻsmirlarga moʻljallangan oʻquv markazi, maxsus sport maydonchasi, aholining boʻsh vaqtini maroqli oʻtkazishi koʻzda tutilgan boshqa qator qulayliklar yaratilgan.

“Broadway” deya nomlangan koʻrkam sayilgohni tumanning qadimiy goʻshalari, jumladan, “Yetti pir” silsilasiga mansub Xoja ali Romitaniy va Muhammad Boboi Samosiy hazratlari qadamjolarini ziyorat qilgani uzoq-yaqindan kelgan sayyohlar uchun ham yana bir qulaylik sifatida koʻrsatish mumkin. “Viloyatda oʻxshashi yoʻq” deya eʼtirof etilayotgan ushbu goʻshaning ochilish marosimida shular haqida soʻz bordi. Romitanlik yosh isteʼdod egalari tomonidan tashkil etilgan koʻrgazmalar, sportchilarning chiqishlari, konsert dasturi toʻplanganlarga bayramona kayfiyat bagʻishladi.

Aytish joizki, Romitan tumanida infratuzilma va xizmat sohasi jadal rivojlanmoqda. Joriy yilning oʻtgan davrida xizmat koʻrsatish hajmi 984,2 milliard soʻmga yetgani fikrimiz tasdigʻidir.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring