Rishtondagi tomorqachilik klasterida sitrus mevalar yetishtirilmoqda
Foto: Xalq so‘zi
Fargʻona viloyatining Rishton tumaniga qarashli “Birlashgan” MFY hududida tashkil etilgan tomorqachilik klasteri tomonidan 2 ta 7 sotixli issiqxonada limon, apelsin, greypfrut va mandarin parvarishlanmoqda.
Bu yil limon koʻchatlarining har bir tupidan 50-60 kg, umumiy miqdorda 8-9 tonna hosil yigʻishtirib olish maqsad qilingan. Mandarin va apelsinning har bir tupi 40-45 kg hosil berishi kutilyapti. Albatta, hosil salmogʻi yildan-yilga oshib boraveradi.

— Bugun dehqonning shunchaki hayotiy tajribaga ega boʻlishi yetarli emas, u har tomonlama bilimli boʻlsa, daromadi ham shunga yarasha boʻladi, — deydi tomorqachilik klasteri ish boshqaruvchisi Vohidjon Rahimov. — Bu boradagi izlanishlar natijasida sitrus mevalarni oʻzimizda yetishtirish hamda ichki bozorga chiqarish imkoniyatiga ega boʻldik. Ayni paytda ushbu tajriba tuman miqyosida keng ommalashayotganidan mamnunmiz.
Tomorqachilik klasterida sitrus mevalarni koʻpaytirish va aholining amaliy koʻnikmalarini oshirish maqsadida oʻquv markazi tashkil etilgan. Shuningdek, meva-sabzavotlarni saqlash uchun 500 tonna sigʻimga ega sovutgichli omborxona ham qurib bitkazildi.
Klaster rahbari Isomiddin Oʻrinboyevning maʼlum qilishicha, shu kunlarda turkiyalik hamkorlar bilan birgalikda un ishlab chiqarish sexini ishga tushirish harakati davom etmoqda. Oʻz navbatida klaster tomonidan parrandachilikni rivojlantirish maqsadida aholi xonadonlariga 20 ming dona joʻjalar yetkazib berildi.
Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring