Respublikadagi 21 ta OTMda qurilish materiallari sohasi kadrlari tayyorlanadi

13:32 04 Aprel 2023 Jamiyat
716 0

Foto: Arxiv surat

Bu haqda AOKAda oʻtkazilgan brifingda “Oʻzsanoatqurilishmaterillari” uyushmasi axborot xizmati rahbari Jamshid Shermetov maʼlum qildi.

Sohadagi umumiy band xodimlar soni 140 ming nafarni tashkil etadi. Shundan 7 ming nafari (5 foiz) maʼmuriy boshqaruv xodimlari, 21 ming nafari (15 foiz) muhandis va texnologlar, 112 ming nafari (80 foizi) ishlab chiqarish xodimlari hisoblanadi.

Qoʻshimcha ishchi resurslariga ehtiyoj 50 ming nafarni tashkil etadi. Shundan, 40 ming nafar oʻrta maxsus maʼlumotli mutaxassislar, yaʼni sement maydalovchi, klinker kuydiruvchi, mashinist, konchi, toshtarosh, shishasoz, operator va boshqalar. 10 ming nafari oliy maʼlumotli mutaxassislar boʻlib, ular kimyogar texnolog, muhandis, energetik va boshqalar.

Bugungi kunda respublikamizning 21 ta oliy taʼlim muassasalarida sohaga kadrlar tayyorlanmoqda.

Respublikadagi muhandis-texnik yoʻnalishdagi oliygohlar tomonidan hududlar ehtiyojidan kelib chiqib, aniq yoʻnalish va tarmoq uchun xorijiy oliygohlar bilan birga, muhandis va texnologlar tayyorlash yoʻlga qoʻyiladi. Jumladan, Toshkent arxitektura va qurilish instituti tarmoqda Turkiyaning ixtisoslashgan oliygohlarini jalb etgan holda muhandis va texnologlar tayyorlaydi. Eʼtiborlisi, 2026-yilga qadar, qurilish materiallari sohasi uchun 10 ming nafar oliy maʼlumotli mutaxassislar - kimyogar texnolog, muhandis, energetik va boshqalar tayyorlanadi.

Respublikaning 16 ta professional taʼlim muassasalarida qurilish materiallari ishlab chiqarish sanoati boʻyicha mutaxassislar tayyorlayotgan kasb-hunar maktablari va kollejlar bilan hamkorlikda 2026-yilga qadar 40 ming nafar oʻrta-maxsus maʼlumotli mutaxassislar va ishchilar tayyorlanishiga erishiladi.

Uyushma Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi huzuridagi Fuqaro muhofazasi instituti, Yaponiya Xalqaro hamkorlik agentligi, Oʻzbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “El-Yurt umidi” jamgʻarmasi, Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi huzuridagi “IT Center” Axborot texnologiyalarini rivojlantirish markazi, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining malaka oshirish markazi, Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti huzuridagi Kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazi bilan oʻzaro hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan.

Tarmoqda kamida besh yil ish stajiga ega boʻlgan fuqarolarni sirtqi va kechki taʼlim shakliga suhbat natijalariga koʻra tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga qabul qilishda har yili 100 tagacha oʻrin ajratilmoqda.

“Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi tomonidan 2019/2020 oʻquv yili uchun 82 nafar, 2020/2021 oʻquv yili uchun 48 nafar, 2021/2022 oʻquv yili uchun 10 nafar, 2022/2023 oʻquv yili uchun 22 nafar xodimlarga jami 162 ta tegishli tavsiyanomalar berildi hamda ular oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер