Respublikada paxta moyi xavfsizligini taʼminlash borasida qanday tadbirlar amalga oshirilmoqda?

16:12 16 Fevral 2021 Iqtisodiyot
1530 0

Paxta texnik chigiti tarkibida tabiiy zaharli modda-gossipol mavjud. Xususan, paxta moyi va kunjara tarkibida ushbu moddaning ruxsat etilgan meʼyoridan yuqori boʻlishi aholi salomatligiga jiddiy zarar yetkazishi mumkin.

Tayyor mahsulotlarda gossipol moddasi miqdorini xavfsiz darajaga tushirish uchun paxta texnik chigiti toʻliq texnologik siklda qayta ishlanishi zarur. Toʻliq texnologik sikl magʻizni yanchish, gidrotermik ishlov berish, presslash, ekstraksiyalash, rafinatsiyalash, dezodoratsiyalash va qadoqlash jarayonlarini oʻz ichiga oladi. Xavfsiz paxta moyi va kunjara ishlab chiqarishda, ayniqsa, rafinatsiya, dezodaratsiya va ekstratsiya sexlarining ahamiyati kattadir.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-oktyabrdagi Farmonining tegishli ilovasiga muvofiq, korxonalarning paxta texnik chigitini toʻliq texnologik siklda maqsadli qayta ishlaganligi hamda ularning mahsulot sifatini tasdiqlovchi gigiyenik xulosa va muvofiqlik sertifikatlariga ega ekanligi ustidan nazorat Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi zimmasiga yuklatilgan.

Ushbu nazorat tadbirlari «Oʻzagroinspeksiya» tomonidan tuzilgan hududiy ishchi komissiyalariga «Oʻzstandart» agentligi va Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati mutaxassislarini jalb etgan holda amalga oshirilmoqda.

Hududiy ishchi komissiyalar tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlardagi yogʻ-moy korxonalarida oʻrnatilgan tartibda nazorat tadbirlari oʻtkazilyapti. Bugungi kunda respublika boʻyicha mavjud 500 tadan ortiq yogʻ-moy korxonalarining 263 tasida tekshiruv oʻtkazilishi belgilangan boʻlib, 238 ta korxonada tekshirish yakunlandi.

Tekshiruv natijasiga koʻra, belgilangan talab 32 ta yogʻ-moy korxonasida taʼminlangan va 206 tasida taʼminlanmagani maʼlum boʻldi. Bu haqda Inspeksiya axborot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, paxta texnik chigitini qayta ishlash uchun toʻliq texnologik sikli yoki tayyor mahsulotlar uchun gigiyenik va muvofiqlik sertifikatlari mavjud boʻlmagan yogʻ-moy korxonalari boʻyicha 199 ta taqdimnoma Oʻzbekiston Respublikasi tovar xom-ashyo birjasiga kiritildi va ularning paxta texnik chigitini xarid qilish boʻyicha birja savdolarida ishtirok etishini oldi olindi.

Belgilangan talablar bajarilmagan korxonalarga jami 156 marotaba (ogohlantirish, koʻrsatma va taqdimnomalar kiritish orqali) taʼsir choralari qoʻllanilgan. 14 ta yogʻ-moy korxonasi boʻyicha huquqni muhofaza qilish organlariga materiallar kiritilishi taʼminlangan.

Inspeksiya tomonidan nazorat tadbirlari davom ettirilmoqda.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер