Respublika shoshilinch tibbiy yordam markazi Koreyaning Bundang klinikasi bilan hamkorlik oʻrnatdi
Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi direktori D.Alimov Koreya Respublikasida xizmat safarida boʻldi.
Tashrif doirasida ushbu mamlakatning eng ilgʻor tibbiyot muassasalari 5 taligi va dunyoning top-100 roʻyxatidan oʻrin olgan Seul milliy universitetining Bundang klinikasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Maʼlumot oʻrnida aytish lozimki, mazkur shifoxona oʻz faoliyatini 2003-yilda boshlagan boʻlib, 1500 oʻrindan iborat. Ayni paytda markazga kuniga 10 mingga yaqin murojaat qabul qilinib, yiliga 350 ming nafardan ortiq bemorga statsionar yordam koʻrsatiladi. Shuningdek, bu yerda har yili 42 mingdan ziyod yuqori texnologik xirurgik amaliyotlar bajariladi.
Ilgʻor raqamli texnologiyalarni davolash jarayoniga toʻliq tatbiq etgan muassasa bugungi kunda ushbu yangi usullarni Yevropa va AQSH klinikalariga eksport qilmoqda. Yillik ilmiy-tadqiqot byudjeti 30 mln. AQSH dollaridan iborat boʻlgan markaz 30 dan ortiq boʻlimlarda oʻtkaziladigan ilmiy loyihalar boʻyicha mamlakatning eng yetakchi tibbiyot muassasasi sifatida tan olinadi.
Tashrif doirasida bemorlarga shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatishda zamonaviy yondashuv, jumladan, tibbiy saralash mezonlari, tibbiyotni raqamlashtirish, tibbiy taʼlim, teletibbiyot boʻyicha hamkorlik va simulyatsion texnologiyalardan foydalangan holda yangi amaliyotlarni yoʻlga qoʻyish boʻyicha hamkorlik masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Shuningdek, muloqot davomida ushbu markazda qoʻshma shikastlangan bemorlar uchun yaratilgan yordam tizimi haqida maʼlumot berildi. Oʻz navbatida, oʻzbekistonlik mutaxassis mamlakatimizda ushbu sohada olib borilayotgan islohotlar va erishilgan yutuqlar bilan koreyalik hamkorlarni tanishtirdi.
Muloqot yakunida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va Seul milliy universitetining Bundang klinikasi bilan ikki tomonlama aloqalarni kengaytirish boʻyicha shartnoma imzolandi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring