Respublika boʻyicha 100 ming gektar paxta maydonida aprobatsiya oʻtkaziladi

16:27 05 Avgust 2022 Jamiyat
1334 0

Foto: Xalq so‘zi

Buxoro viloyati Gʻijduvon tumanida urugʻlik paxta maydonlarida dala aprobatsiya koʻrigini oʻtkazish boʻyicha respublika koʻrgazmali oʻquv-seminari oʻtkazildi. Dala-oʻquv seminarida Qishloq xoʻjaligi vazirligining sohaga tegishli boshqarma boshliqlari va xodimlari, Qishloq xoʻjalik ekinlari navlarini sinash, Urugʻchilikni rivojlantirish markazlari, Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar Milliy markazining masʼul xodimlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vaziri, Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy, Surxondaryo, Samarqand va Xorazm viloyatlarining qishloq xoʻjaligi boshqarma boshliqlari, Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi va “Agrosanoat majmuida xizmatlar koʻrsatish markazi” davlat unitar korxonasi hududiy rahbarlari, Urugʻchilikni rivojlantirish markazining hududiy boshqarma boshliqlari, Paxta seleksiyasi, urugʻchiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti va boshqa manfaatdor tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi.

Tadbirda 2023-yil hosili uchun urugʻlik paxta xomashyosini jamgʻarish maqsadida urugʻlik gʻoʻza maydonlariga xolisona baho berish hamda aprobatsiyani sifatli oʻtkazish yuzasidan amalga oshiriladigan ishlar muhokama qilindi.

— Xabaringiz bor, joriy yil 7-iyulda davlatimiz rahbari tomonidan “Paxta hosildorligini oshirish, paxta yetishtirishda ilm va innovatsiyalarni joriy qilishning qoʻshimcha tashkiliy chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaror qabul qilindi, — dedi seminar avvalida soʻz olgan qishloq xoʻjaligi vaziri birinchi oʻrinbosari Shuhrat Teshayev. — Mazkur qaror bilan Prezidentimiz huzurida Paxtachilik Kengashi tashkil etildi.

Qarorda paxta hosildorligini oshirish, paxta yetishtirishda ilm va innovatsiyalarga asoslangan urugʻchilikni, nav tanlash, yerga ishlov berish, oʻgʻitlash, sugʻorish ishlarini yoʻlga qoʻyish orqali paxta-toʻqimachilik sohasida eksport hajmlari va daromadni oshirish vazifasi belgilab berilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi “Qishloq xoʻjaligi ekinlari urugʻchiligini yanada rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga koʻra, 2022-yil 1-yanvardan boshlab hududlarni yuqori avlodli urugʻliklar yetishtirishga ixtisoslashtirish tizimi joriy etildi.

Mazkur qaror ijrosi boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar hokimliklarining takliflariga asosan hududlarning tuproq-iqlim sharoitidan kelib chiqib, paxtachilik yoʻnalishida 119 ta tuman, 390 ta hududlaridan tanlab olingan 3172 ta subyektning jami 100 ming gektar gʻoʻza maydoni urugʻlik paxta yetishtirishga ixtisoslashtirildi.

Hozir soha xodimlari oldida oʻta muhim tadbir – urugʻlik maydonlarda aprobatsiya oʻtkazish vazifasi turibdi. Asosiy maqsad- kelgusi yil hosili uchun sifatli urugʻlik fondini yaratishdan iboratdir. Bu soha uchun oʻta muhim masala. Chunki tajriba aprobatsiyaga yuzaki yondashuv salbiy oqibatlarga olib kelishini koʻrsatmoqda. Taʼkidlanishicha, 2021-yilda hududlardagi masʼullar tomonidan urugʻlik paxta jamgʻarilishida hamda urugʻlik chigitni hisob- kitob qilishda qator kamchiliklarga yoʻl qoʻyilgan. Misol uchun oʻtkazilgan aprobatsiya tadbirlarida urugʻlik maydonlardan 40-45 oʻrniga 60- 65 foizgacha urugʻlik paxta xom ashyosi jamgʻarilishiga yoʻl qoʻyilgan. Oqibatda bu urugʻlik paxtani terib olish tartibi buzilishiga, sifatsiz urugʻlik jamgʻarilishiga sabab boʻlgan. Respublika boʻyicha 16 ming 354 tonna urugʻlik chigit ekishdan ortib qolgan.

Seminarda monitoring natijalari atroflicha tahlil etildi, gʻoʻza parvarishida yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni bartaraf qilish yuzasidan zarur chora – tadbirlar belgilandi. Aprobatsiyani sifatli oʻtkazish borasida toʻplangan tajriba oʻzaro baham koʻrildi. Ayni damdagi vaziyat “Gʻijduvon super elita urugʻchilik” masʼuliyati cheklangan jamiyati dala maydonlaridagi gʻoʻza parvarishi misolida tushuntirildi.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер