Rektorlar ijarada turadigan talabalar holidan bir haftada kamida bir marta xabar olishi belgilandi
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri oʻrinbosari Sarvarxon Buzrukxonov rahbarligida oliy taʼlim muassasalarida talabalarini turar joy bilan taʼminlash chora-tadbirlariga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, yangi oʻquv yilida talabalarni munosib kutib olish maqsadida 1-avgustidan 10-sentyabrigacha boʻlgan muddat “dolzarb qirq kunlik” sifatida belgilangandi.
Ushbu yigʻilishda oliy taʼlim muassasalari rektorlari yotoqxona va ijarada istiqomat qilayotgan talabalar holidan shaxsan xabar olishi, ularga zarur shart-sharoitlar yaratish boʻyicha chora-tadbirlar tasdiqlagan holda ijara xonadonlariga ham, yotoqxonalarga ham tashriflar har haftada kamida 1 marotaba tashkil etilishini tizimli yoʻlga qoʻyilishi taʼkidlangan.
Qayd etilishicha, barcha oliy taʼlim muassasalarining asosiy binolari hamda talabalar turar joylariga kirish qismlariga kamida 4 ta joyga “Talabalar turar joylariga joylashtirish uchun yordam koʻrsatish markazlari” (infokiosk)ni tashkil etish belgilandi.
Bildirilishicha, eng namunali faoliyat yuritgan “Talabalar turar joylariga joylashtirish uchun yordam koʻrsatish markazlari” 20 million soʻmdan 30 million soʻmgacha pul mukofotlari bilan ragʻbatlantiriladi.
“Ijara xonadonlari bazasini shakllantirish, talabalarni guruh tyutorlari orqali ijara xonadonlariga joylashishiga koʻmaklashish, oliy taʼlim muassasasi rasmiy veb-sayti orqali yangi topilgan ijara uylari hamda ijara uylari haqidagi maʼlumotlar (manzili, xonadon egasining ismi sharifi, telefoni, ijara uyining narxi koʻrsatilgan holda)ni eʼlon qilish ishlarini samarali tashkil etish boʻyicha koʻrsatmalar berildi”, deyiladi xabarda.
Avvalroq, Chiroqchi hokimi tandirni tepib, fuqaroga shapaloq tushirgani tasvirlangan video tarqalgandi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring