Rektor Piter Bonfild talabalarni tabrikladi
Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universiteti (TXVU)da 15- anʼanaviy bitiruv marosimi boʻlib oʻtdi. Tadbirda oʻquv dargohi professor oʻqituvchilari bilan birga Londondagi Vestminster universiteti rektori boshchiligidagi bir guruh mutaxassislar, shuningdek, talabalarning yaqinlari hamda OAV xodimlari ishtirok etdi.
— Oldingizda porloq kelajak bor. Oʻqish davomida olgan bilimlaringizdan samarali foydalaning. Endi siz kasbiy muvaffaqiyatga erishish uchun ajoyib poydevorga egasiz. — deya bitiruvchilarni tabrikladi LondonVestminster universiteti rektori Piter Bonfild.
Marosimda biznes boshqaruv, iqtisodiyot, tijorat huquqi, axborot texnologiyalari va pedagogika kabi yoʻnalishlar boʻyicha tahsil olgan 700 ga yaqin bakalavriat va magistratura bosqichi bitiruvchilariga diplomlar topshirildi.

— Universitetda oʻqish davomida biz nafaqat oʻz sohamiz boʻyicha qimmatli bilim va koʻnikmalarga ega boʻldik, balki olgan bilimlarimizni amalda qanday qoʻllashni ham oʻrgandik. — deydi Tijorat huquqi yoʻnalishi bitiruvchisi Zuxra Xayrullayeva. — Kelajakda kasbiy tajribalarimizning shakllanishi va rivojlanishida bu juda katta yordam beradi.
Maʼlumot oʻrnida aytish joizki, TXVU tashkil etilgandan buyon 3500 dan ortiq malakali mutaxassislarni tayyorlagan.
Yulduz OʻRMONOVA,
“Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring