Referendumga tayyorgarlik koʻrish ishlari qanday ketyapti?
Bugun Markaziy saylov komissiyasida “Konstitutsiyaviy islohotlarning mazmun-mohiyati va ahamiyati: Yangi Oʻzbekiston – yangilangan Konstitutsiya”. xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasining xorijiy qatnashchilar delegatsiyasi ishtirokida “Oʻzbekistonda konstitutsiyaviy referendumga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishning oʻziga xos xususiyatlari” mavzusida davra suhbati boʻlib oʻtdi.
Markaziy saylov komissiyasi aʼzolari, referendum oʻtkazuvchi okrug komissiyalari vakillari va davlat idoralarining boshqa vakillari ham ishtirok etgan tadbirdan koʻzlangan maqsad Markaziy saylov komissiyasi tomonidan referendumni tashkil etish, referendum toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini va xalqaro ekspertlar ishtirokida amaliyotni takomillashtirish boʻyicha keyingi chora-tadbirlarni belgilashga masʼul boʻlgan boshqa davlat organlari va jamoat tashkilotlari bilan birgalikda referendumga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha olib borilayotgan keng koʻlamli ishlarni xalqaro ekspertlar hamjamiyatiga yetkazishdan iborat boʻldi.
Davra suhbati avvalida MSK raisi Zayniddin Nizomxoʻjayev tadbir ishtirokchilariga referendumga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha amalga oshirilayotgan tizimli va bosqichma-bosqich ishlar haqida atroflicha maʼlumot berdi.
Z.Nizomxoʻjayev amalga oshirilgan ishlar xronologiyasiga toʻxtalar ekan, parlament palatalarining birgalikdagi vakolatlaridan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 78-moddasiga muvofiq Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati oʻz yalpi majlislarida “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi boʻyicha referendum oʻtkazish toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqdilar va Konstitutsiyaviy qonun loyihasi boʻyicha referendum oʻtkazish sanasini 2023-yil 30-aprelga belgilanganligini taʼkidlab oʻtdi.
Qayd etilganidek, “Oʻzbekiston Respublikasi Referendumi toʻgʻrisida”gi qonunning 13-moddasiga muvofiq, Oliy Majlis palatalari referendumga kiritilgan masala matnini maʼqullab, boʻlajak referendum byulletenida “Siz “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonunini qabul qilasizmi?” deb shakllantirishga qaror qildi.
Markaziy saylov komissiyasi raisi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va “Oʻzbekiston Respublikasining referendumi toʻgʻrisida”gi qonunga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi referendumini tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha ishlar Markaziy saylov komissiyasiga yuklanganini alohida taʼkidladi, davra suhbati ishtirokchilarini mazkur yoʻnalishda amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishtirib oʻtdi.
Shuningdek, davra suhbati ishtirokchilari muhokamasiga milliy maʼruzachilarning maʼruzalari taqdim etildi. “UZINFOCOM” MCHJ bosh direktori oʻrinbosari A.Mansurov saylov jarayonida raqamli texnologiyalardan foydalanish, saylovchilarning yagona elektron roʻyxatini shakllantirish masalalari boʻyicha, referendum oʻtkazish boʻyicha 14-Toshkent shahar va 8-Sirdaryo okrug komissiyalari raislari A.Magrupov va P.Ahmedjonovalar esa referendum oʻtkazuvchi okrug komissiyalari faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida soʻz yurtdi.
Markaziy saylov komissiyasi raisi oʻrinbosari MSK tomonidan fuqarolarni, referendum ishtirokchilarini, ommaviy axborot vositalari orqali referendumga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida, ovoz berish muddati va tartibi, referendumda ishtirok etish harakatlari, Oʻzbekiston Respublikasining referendum toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari yuzasidan xabardor qilish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar bilan tanishtirib oʻtdi.
Oʻz navbatida, xorijlik ekspertlar ham aloqalarni yanada mustahkamlash, saylov sohasidagi xalqaro, amaliy hamkorlikni kengaytirish boʻyicha oʻz fikr va tavsiyalarini bildirdilar. Muhokama davomida ular referendumga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish bilan bogʻliq ayrim masalalarni bevosita muhokama qilish imkoniga ega boʻldilar.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring