Referendum: muddatidan oldin ovoz berish 19-apreldan boshlanadi

16:38 12 Aprel 2023 Siyosat
692 0

Bugun Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi.

Majlis kun tartibidan ayrim referendum uchastkalarida ovoz berish jarayonini video-translyatsiya qilish hamda baʼzi referendum uchastkalarida sinov tariqasida ovoz beruvchi fuqarolarni biometrik identifikatsiya qilish qurilmalaridan foydalanish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlarni belgilash, muddatidan oldin ovoz berishni tashkil etish, xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardan qatnashadigan kuzatuvchilar hamda OAV vakillarini akkreditatsiyadan oʻtkazish, Oʻzbekiston Respublikasining referendumiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish yuzasidan ayrim okrug komissiyalari raislarining axborotlari toʻgʻrisidagi masalalar oʻrin oldi.

Majlisda Oʻzbekiston Respublikasining referendumini oʻtkazuvchi uchastkalarida referendum kuni oʻz yashash joyida boʻlish imkoniyatiga ega boʻlmagan fuqarolar uchun muddatidan oldin ovoz berish oʻtkazilishi yuzasidan qaror qabul qilindi. Unga koʻra, muddatidan oldin ovoz berish 2023-yil 19-aprel kuni boshlanib, 2023-yil 26-aprel kuni yakunlanishi belgilandi va referendum uchastkasida muddatidan oldin ovoz berish vaqti ish kunlari soat 9:00 dan soat 18:00 ga qadar, dam olish va bayram kunlari soat 12:00 dan soat 16:00 ga qadar boʻlib oʻtishi qayd etildi.

Oʻzbekiston Respublikasining referendumida xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlardan qatnashadigan kuzatuvchilarni akkreditatsiya qilish toʻgʻrisidagi MSKning qarori bilan MDH kuzatuvchilari missiyasidan, Belgiya, Malayziya, Niderlandiya, Tojikiston, Qirgʻiziston, Qozogʻiston, Hindiston kabi xorijiy mamlakatlardan jami 30 nafar kuzatuvchi akkreditatsiyadan oʻtkazildi.

Shuningdek, MSKga kelib tushgan murojaatlardan kelib chiqib, mahalliy ommaviy axborot vositalarining 102 nafar, xorijiy ommaviy axborot vositalarining 11 nafar vakili akkreditatsiyadan oʻtkazildi. Endilikda akkreditatsiyadan oʻtkazilgan mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillarining umumiy soni 496 nafarni tashkil etmoqda.

Kun tartibiga muvofiq, majlisda davomida referendum oʻtkazuvchi 1-Qoraqalpogʻiston, 7-Samarqand, 13-Qashqadaryo okrug komissiyalari raislarining referendumga tayyorgarlik koʻrish va uni yuqori tashkiliy darajada oʻtkazish borasida amalga oshirilayotgan ishlari xususida axborotlari tinglandi.

Majlisda kun tartibiga kiritilgan masalalar boʻyicha tegishli qarorlar qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер