Referendum — demokratiya namunasi
Illyustrativ foto
Referendum lotincha “referendium” soʻzidan olingan boʻlib, bu fuqarolarning davlat, viloyat yoki mahalliy koʻlamda eng muhim masalalar boʻyicha ovoz berish yoʻli orqali oʻz fikrini bevosita bildirishini anglatadi. Referendum umumxalq ovoz berish yoʻli bilan qonunlar qabul qilish va davlat ahamiyatiga molik eng muhim masalalarni hal qilish shakli boʻlib, bevosita demokratiyani amalga oshirishning muhim vositasi hisoblanadi.
Referendumning saylovlardan asosiy farqi shundaki, referendumda muayyan masala — qonun, qonun loyihasi, konstitutsiya yoki unga tuzatishlar, mamlakatning ichki, tashqi siyosatiga yoki xalqaro maqomiga taalluqli biron bir masala qoʻyilsa, saylovlar oʻtkazilayotganda biron bir lavozimga nomzod yoki nomzodlar roʻyxati uchun ovoz beriladi.
Saylov natijalari majoritar tizim boʻyicha ham, proporsional tizim boʻyicha ham aniqlanishi mumkin boʻlsa, referendum natijalari faqat majoritarizm (mutlaq koʻpchilik ovozini hisoblash) tamoyillari asosida aniqlanishi mumkin.
Referendumda qabul qilingan qarorlar oliy yuridik kuchga ega boʻladi va faqat referendum yoʻli bilan bekor qilinishi yoki oʻzgartirilishi mumkin. Referendum Oʻzbekiston Respublikasining butun hududida oʻtkaziladi.
Referendumni oʻtkazish tashabbusi bilan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti chiqishi mumkin.
Referendumda ishtirok etish huquqiga ega boʻlgan (18 yoshga toʻlgan) Oʻzbekiston fuqarolari umumiy sonining kamida 5 foizini tashkil etgan fuqarolar imzosi toʻplangan (bunda imzo chekkan fuqarolar miqdori har bir maʼmuriy hududiy tuzilma boʻyicha bir tekis va mutanosib ravishda taqsimlangan) boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari aʼzolarining uchdan ikki qismining ovozi bilan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining asoslantirilgan talabi bilan referendum oʻtkazilishi mumkin.
Referendum yashirin ovoz berish yoʻli bilan oʻtkaziladi. Oʻzbekiston Respublikasida birinchi marta 1991-yil 29-dekabrda referendum boʻlgan. Bu referendumda “Oʻzbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi asoslari toʻgʻrisida“gi Oʻzbekiston Oliy Kengashining 1991-yil 31-avgustdagi Konstitutsiyaviy qonuni toʻgʻri qabul qilinganligini Oʻzbekiston xalqi bir ovozdan maʼqulladi.
2002-yil 27-yanvarda Oʻzbekiston Respublikasida ikki palatali parlamentni shakllantirish va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining konstitutsiyaviy vakolat muddatini oʻzgartirishga bagʻishlangan referendum boʻlib oʻtdi. Bu referendumlar Oʻzbekistonda demokratiya mustahkamlanib borayotganini koʻrsatadi.
Referendum — bevosita demokratiyaning muhim instituti boʻlib, umumdavlat hamda har bir fuqaro uchun muhim boʻlgan qarorlarni qabul qilinishida jamiyat aʼzolarining (ovoz berish huquqiga ega boʻlganlar fuqarolarning) ishtirokini taʼminlaydi.
Referendumning oʻtkazilish jarayonining qoida va shartlari har bir davlatning konstitutsiyasi va qonunchiligi asosida belgilanadi.
Prezidentimiz taʼkidlaganidek, amaldagi qonunchiligimizga koʻra, parlamentning oʻzi ham Konstitutsiyaga oʻzgartish kiritish vakolatiga ega. Lekin, konstitutsiyaviy islohotni fuqarolarimiz fikri va qoʻllab-quvvatlashi asosida referendum orqali amalga oshirsak, bu tom maʼnoda xalqimiz xohish-irodasining ifodasi — haqiqiy xalq Konstitutsiyasi boʻladi, deb oʻylayman. Bu “Konstitutsiyaning yagona manbai va muallifi — xalqdir” degan tamoyilga toʻla mos keladi.
Demak, referendum fuqarolarning davlat va jamiyat hayotidagi islohotlar jarayonida bevosita qatnashishini taʼminlash bilan birga, ularning tub islohotlarga nisbatan daxldorlik va masʼuliyat hissini ham kuchaytiradi.
Taʼkidlash joizki, konstitutsiya loyihasi matni yuzasidan fuqarolarimiz tomonidan 220 mingdan ortiq takliflar berilganligi ularning mamlakatimizda kechayotgan siyosiy jarayonlarga befarq emasligidan dalolat beradi. Shu nuqtayi nazardan Oʻzbekiston Respublikasining yangi Konstitutsiyasini tom maʼnodagi xalq konstitutsiyasi, deyish mumkin.
Uchqun DUSTOV,
siyosiy fanlar nomzodi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring