Rasul Kusherbayev nega “Milliy tiklanish”ni tanladi?
Foto: XPK
Quyidagi mulohazalarning saylov jarayonlariga yoxud xususiy manfaatlarga hech qanday aloqasi yoʻq, deb hisoblashingizni soʻrayman. Chunki ushbu maqola OAV, ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda oʻnlab chiqishlari bilan oʻz saylovchilari eʼtiborini qozongan, parlamentda esa “oʻjar deputat” sifatida nom qozongan Rasul Kusherbayevning monopoliya bilan bogʻliq ayrim mulohazalariga munosabat tarzida yozildi, xolos.
Maʼlumki, biron-bir lugʻatda “siyosiy jazava” iborasiga sharh berilmagan. Ammo keyingi paytlarda “Tadbirkorlar manfaatini himoya qilish asosiy vazifamiz” degan chaqiriqlar bilan saylovchilar eʼtiborini tortayotgan OʻzLiDeP vakillarining “Milliy tiklanish”ning har qanday xatti-harakatiga qaratilgan kundoshona yondashuvi ijtimoiy-siyosiy mavzudagi lugʻatlarni batamom yangilash vaqti kelganidan dalolat berayotgandek.
Agar yodingizda boʻlsa, liberallar yetakchisi goʻsht masalasida arzimas “xatocha”ga yoʻl qoʻyganida, partiya nomini tezdan oqlash, qanday qilib boʻlmasin, “goʻsht” masalasini kun tartibidan chiqarib tashlash vazifasi aynan Rasul Kusherbayev zimmasiga yuklatilgan va u oʻz vazifasini aʼlo darajada uddalab, goʻsht isteʼmoli bilan bogʻliq eʼtirozlar oqimini boshqa oʻzanga burib yuborishga muvaffaq boʻlgan edi.
Kuni kecha Rasul Kusherbayev zimmasiga navbatdagi nozik topshiriq yuklatilgan koʻrinadi. Uzunquloq gaplarga qaraganda, bu safar hurmatli deputatimizga “Artel” kompaniyasi vakillarining “Milliy tiklanish”ga aʼzo boʻlganlari sababini aniqlash va omma orasida ushbu harakatga nisbatan salbiy fikrni shakllantirish vazifasi qoʻyilganmish.
Ishonchimiz komilki, Rasul Kusherbayev partiyaga aʼzolik har qanday fuqaroning xohishi asosida amalga oshirilishini, qonunchiligimizda xususiy korxona rahbarlarining ham siyosiy partiyalarning gʻoya va maqsadlarini qoʻllab-quvvatlashi man etilmaganini yaxshi biladi.
Bugun matbuotimizda u yoki bu fuqaroning, hatto yirik davlat tuzilmalari mutasaddilarining ham oʻzi tanlagan siyosiy kuchlar safiga qoʻshilayotgani haqidagi xabarlarga tez-tez koʻzimiz tushyapti. Bu tabiiy hol, albatta. Ammo “Milliy tiklanish” faoliyatidagi yoki saflaridagi har qanday oʻzgarishlar negadir liberallarga esni ogʻdirar darajada taʼsir qilayotgan koʻrinadi.
Rasul Kusherbayev shunday yozadi: “Kuni kecha “Artel” “Milliy tiklanish” partiyasini tanlaganini angladim, partiya emas, “Artel” tanladi va monopoliya sari intilishda siyosiy “krisha”ga ega boʻldi rasman. Endi lobbizm bilan rasman shugʻullanishi va qonunchilik orqali de yure monopol boʻlishga harakat qilish imkoniyati paydo boʻldi”.
Agar ushbu fikrlarni boshqa bir siyosatchi bildirganida edi, afsuski, yetarlicha maʼlumotga ega emas ekan-da, deya xulosa chiqarish mumkin edi. Ammo maqola muallifi R.Kusherbayev...
Shu oʻrinda haqli bir savol tugʻiladi. Nega uzoq yillar davomida liberal-demokratlar safiga “Artel” kabi oʻnlab yirik tuzilmalar rahbarlari va ularda mehnat qilayotgan yurtdoshlarimiz qabul qilinganda siyosiy “krisha”lar haqida hech kim gapirmadi?
Tanqid uchun “Milliy tiklanish”ni tanlagan R.Kusherbayev xulosalarini toʻgʻri, deb qabul qilsak, unda Xalq taʼlimi vaziri janobi Sherzod Shermatov yaqindan boshlab XDPni, Qishloq xoʻjaligi vaziri Jamshid Xoʻjayev esa OʻzLiDePni oʻziga “krisha” qilib olgan boʻlib chiqyaptimi?
Zero, “Artel” kompaniyasida ming-minglab fuqarolarimiz halol mehnat qilib , bola-chaqa boqayotganini, ular ham oʻz konstitutsiyaviy huquqidan foydalanib, biron-bir partiyaga aʼzo boʻlishlari mumkinligini taʼkidlashga hojat boʻlmasa kerak.
Yana bir gap. Ayni paytda bozorlarimizda “Artel”dan tashqari maishiy texnika ishlab chiqaruvchi yana 33 ta korxona borligini ham eʼtiborga olish lozim. “Vista”, “S-Smart”, “Mirtech”, “Konig”, “Panda”, “Rosso”lar shular jumlasidandir.
Bugunga kelib, ushbu korxonalar importni qisqartirib, mahalliylashtirish dasturiga oʻtib boryapti.
“Oʻzeltexsanoat” uyushmasi tarkibida esa bir qator yangi korxonalar ochilmoqda, agar ularning faoliyatiga ham “monopoliya” deb yondashsak, bunda raqobat boʻladimi?
Xulosa qilib shuni aytish joizki, liberallarning paydar-pay chiqishlari kuyinchaklikdan, nega tadbirkorlar bizni emas, boshqa partiyani tanlayapti, deya ayyuhannos solishdan boshqa narsa emas.
Rasul Kusherbayev maqolasida qayd etilganidek, ushbu maqolaga nuqta qoʻyilayotganida bizni ham bir savol oʻylantirib qoʻydi. Agar “Artel” “Milliy tiklanish”ni emas, OʻzLiDePni tanlaganida ushbu yozishmalar, munosabatlarga aniqlik kiritishlar boʻlarmidi?
Yoʻq, albatta!
Chunki boshqa partiyalar bunday masalalarga bagʻrikenglik bilan, halol raqobat nuqtai-nazaridan yondashmoqdalar.
Kimdir qaysidir partiyani tanlagani uchun jazavaga tushib emas.
OʻzMTDP Markaziy kengashi
Axborot xizmati
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring