Rasmiy statistika huquqiy asoslari belgilanmoqda

09:21 28 May 2021 Iqtisodiyot
1278 0

Jahon iqtisodiyotida shiddat bilan rivojlanayotgan raqobat muhiti sharoitida barcha yoʻnalishdagi faoliyatni bugungi va ertangi kun talabi asosida hamda jahon standartlariga mos ravishda rivojlantirishga katta eʼtibor qaratilmoqda. Bu borada mamlakatimizda milliy statistika sohasini rivojlantirish borasida ham keng koʻlamli ishlar amalga oshirilyapti.

Bu jarayon oʻz navbatida amaldagi qonunchilikni ham takomillashtirishni, eskirgan normalarni yangilariga almashtirishni taqozo etishi tabiiy. Jumladan, “Davlat statistikasi toʻgʻrisida”gi qonuni normalari haqida ham shunday deyish mumkin. Zero, ushbu qonun 2002-yilda qabul qilingan boʻlib, xalqaro tajribani oʻrganish natijasi uning hozirgi sharoitga va xalqaro tavsiyalarga toʻliq mos kelmasligini, unda bir qator kamchiliklar mavjudligini koʻrsatmoqda.

Masalan, amaldagi qonunda faqatgina davlat statistika organlari faoliyati tartibga solinib, statistik maʼlumotlarning boshqa ishlab chiquvchilari faoliyati inobatga olinmagan. Statistika maʼlumotlarini ishlab chiquvchi boshqa davlat organlarining vazifa va funksiyalari aks ettirilmagan. Statistik maʼlumotlarni ishlab chiqarish, ulardan foydalanish va eʼlon qilish boʻyicha barcha ishlab chiquvchilar uchun umumiy tartib-qoidalar oʻrnatilmagan. Statistika sohasida koʻp qoʻllaniladigan rasmiy statistika, rasmiy statistikani ishlab chiquvchi, respondent, foydalanuvchi, statistik maʼlumotlar, maʼmuriy maʼlumotlar, individual maʼlumotlar, statistik kuzatuv va boshqa tushunchalarga izoh berilmagan.

Shundan kelib chiqib, ilgʻor xorijiy tajribalar va xalqaro tashkilotlar tavsiyalari asosida amaldagi qonun oʻrniga “Rasmiy statistika toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasi ishlab chiqildi va Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilindi.

Taʼkidlash joizki, qonun loyihasini shakllantirishda BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi tomonidan ishlab chiqilgan va 2016-yilda xalqaro darajada amaliyotga joriy etish uchun tavsiya etilgan model qonuniga tayanilgan.

Qonun loyihasida quyidagi muhim normalar belgilanmoqda.

Birinchidan, statistikani yuritish sohasidagi xalqaro tajribadan kelib chiqib, “Rasmiy statistika” tushunchasi va statistika sohasida qoʻllaniladigan asosiy tushunchalar kiritilmoqda. Yaʼni, statistika sohasidagi xalqaro amaliyot va umum eʼtirof etilgan standartlarga muvofiq “rasmiy statistika” tushunchasi mamlakatdagi rasmiy statistikani shakllantiruvchi barcha tashkilotlar faoliyatini qamrab oladi.

Ikkinchidan, milliy statistika tizimi tarkibiga statistika organlari bilan bir qatorda rasmiy statistika masalalari doirasida rasmiy statistikani boshqa ishlab chiquvchilari va tarqatuvchisi boʻlgan davlat organlari ham kiritilmoqda. Maʼlumot uchun aytadigan boʻlsak, bugungi kunda rasmiy statistikani ishlab chiquvchi va tarqatuvchi bir qator tashkilotlar (Davlat statistika qoʻmitasi, Markaziy bank, Moliya vazirligi va boshqalar) mavjud boʻlib, ularning faoliyatini tartibga soluvchi va oʻzaro muvofiqlashtiruvchi yagona tizim mavjud emas. Masalan, Markaziy bank Oʻzbekiston Respublikasining toʻlov balansini, xalqaro investitsiyaviy mavqeini, tashqi qarzini va zaxira aktivlarini oʻz ichiga olgan pul-kredit statistikasini shakllantirishni hamda eʼlon qilishni amalga oshiradi, inflyatsiya darajasiga oid statistik maʼlumotlarni eʼlon qiladi. Moliya vazirligi davlat moliya statistikasini yuritadi. Lekin ushbu maʼlumotlar qay darajada xalqaro standartlarga muvofiq yoki muvofiq emasligi, statistik maʼlumotlarni shakllantirishda statistik uslubiyotlarga amal qilinishi oʻrganilmaydi.

Uchinchidan, qonun loyihasida rasmiy statistikani ishlab chiquvchilar, ularning vazifa va majburiyatlari, shuningdek rasmiy statistika maʼlumotlarini ishlab chiqarishda bevosita ishtirok etuvchi davlat organlari, respondentlar, maʼmuriy maʼlumotlarni yetkazib beruvchilar hamda statistik maʼlumotlardan foydalanuvchilarning ham vazifa va majburiyatlari, xususan birlamchi maʼlumotlar bilan ishlash, jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli individual maʼlumotlar maxfiyligini taʼminlash boʻyicha yagona talablar belgilanmoqda.

Toʻrtinchidan, statistika dasturlari va kuzatuvlari, ularni tuzish va tasdiqlash tartibi oʻrnatilmoqda. Amaldagi qonunda statistika ishlari dasturining tavsifi, uni ishlab chiqish va tasdiqlash tartibi batafsil yoritilmagan, uzoq yillik va yillik statistik dasturlarni ishlab chiqish, kelishish, tasdiqlash va moliyalashtirish tartibi, statistik kuzatuvlar hamda roʻyxatga olishlarning turlari va ularni amalga oshirishga oid qoidalar nazarda tutilmagan.

Beshinchidan, rasmiy statistik maʼlumotlarning sifati va ularni baholash boʻyicha talablar belgilanmoqda. Amaldagi qonun bilan statistik maʼlumotlarni ishlab chiquvchilar uchun rasmiy statistik maʼlumotlarning sifati va ularni baholash boʻyicha talablar mavjud emas. Qonun loyihasida statistikaning sifatini taʼminlash maqsadida rasmiy statistikani ishlab chiquvchilar maʼlumotlarni baholashning statistik usullaridan foydalanishi, foydalaniladigan manbalar va usullarni hujjatlashtirib borishi, respondentlarning fikr-mulohazalarini oʻrganish, ilmiy jamoatchilik bilan statistik uslubiyotni baholash va uni takomillashtirish boʻyicha hamkorlik qilish kabi mexanizmlar kiritilmoqda.

Oltinchidan, statistik maʼlumotlar bilan ishlashga oid qoidalar aniqlashtirilmoqda. Hozirda statistik maʼlumotlarni ishlab chiqarish, ulardan foydalanish, eʼlon qilish va tarqatish, shuningdek, qayta ishlash va saqlashda axborot xavfsizligini taʼminlash borasida talablar belgilanmagan. Qonun loyihasida maʼmuriy, individual va maxfiy maʼlumotlardan foydalanish qoidalari va maqsadlari belgilanmoqda. Shuningdek, rasmiy statistikani ishlab chiquvchilar tomonidan statistik maʼlumotlarni barchaga baravar foydalanish imkonini yaratish, ularni foydalanuvchilarga tushunarli boʻlishi uchun izohlar bilan birga belgilangan muddatlarda nashr qilinishi hamda rasmiy saytlar va ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinishi taʼminlanishi nazarda tutilmoqda.

Yettinchidan, rasmiy statistikani barcha ishlab chiquvchilari tomonidan statistik uslubiyotlarni, boshqaruv prinsiplari va tavsiyalarini ishlab chiqish va joriy etish boʻyicha xorijiy davlatlarning statistika idoralari va xalqaro tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorlikni amalga oshirishga oid normalar nazarda tutilmoqda.

Xulosa qilib aytganda, mazkur qonunning qabul qilinishi avvalo, milliy statistika tizimi xalqaro standartlarga mos ravishda isloh qilinadi. Mamlakatdagi rasmiy statistik maʼlumotlarni ishlab chiquvchi barcha davlat organlarining faoliyati tartibga solinadi. Rasmiy statistika sohasini muvofiqlashtiruvchi vakolatli organning professional mustaqilligi hamda rasmiy statistik maʼlumotlarning xalqaro darajada tan olinishi taʼminlanadi. Foydalanuvchilarning shaffof, ishonchli, sifatli va dolzarb rasmiy statistik maʼlumotlarga ega boʻladi.

Abdigʻani UMIROV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
“Adolat” SDP fraksiyasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер