Raqs sanʼatining fidoyi ustozi
Insonning maʼnaviy kamolotida, kasbiy mahorati yuksalishida ustozlarning oʻrni va xizmati beqiyos. Jumladan, raqs sanʼatida ham faqat tajribali ustoz va murabbiylar oʻgitlariga amal qilib ijod boʻstonida munosib oʻrin topish, muxlislar olqishiga, elning eʼtirofiga sazovor boʻlish mumkin. Shu maʼnoda, taqdir menga mehridaryo ustozni roʻbaroʻ qilganidan, sanʼat sirlarini oʻrganishda shu fidoyi insondan saboq olganimdan benihoya minnatdorman. Xorazm raqs sanʼatining tirik afsonasiga aylangan bu yuksak qalb egasi — Oʻzbekiston xalq artisti Gavhar Matyoqubovadir.
Ustoz ellik besh yilga yaqin ijodiy faoliyati davomida 100 dan ziyod milliy raqslarni sahnalashtirgan. Uning koʻp yillik tadqiqotlari natijasi boʻlgan “Ofatijon lazgi” va “Lazgi — uch ming yil” nomli kitoblarida Xorazm raqs sanʼati, xususan, “Lazgi” raqsi tarixi hamda uning anʼanalari batafsil yoritib berilgan.
Davlatimiz mustaqilligining oʻttiz ikki yilligi munosabati bilan Oʻzbekiston davlat filarmoniyasining Xorazm viloyati boʻlinmasi sahnalashtiruvchi baletmeysteri Gavhar Matyoqubova “El-yurt hurmati” ordeni bilan taqdirlandi. Yaqinda “Lazgi” raqsining YUNESKOning Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi roʻyxatiga kiritilishidagi xizmatlari uchun ustozga Oʻzbekiston Xoreografiya akademiyasining faxriy professori unvoni berildi.
Bugun sanʼatimiz fidoyisi sahnalashtirgan jozibador milliy raqslarimizni nufuzli xalqaro festivallarda zoʻr mahorat bilan ijro etayotganimdan baxtiyorman. Oʻqituvchi va murabbiylar kuni bilan ustozni samimiy qutlab, yoshlarga sanʼat sirlarini oʻrgatish, milliy raqslarimizni dunyo boʻylab targʻib etishdek ezgu faoliyatlarida omad tilab qolaman.
Dilnoza ORTIQOVA,
“Nihol” mukofoti sovrindori.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring