“Raqobat toʻgʻrisida»gi Qonun (OʻRQ–850-son, 03.07.2023-y.) yangi tahrirda qabul qilindi

10:33 04 Iyul 2023 Jamiyat
794 0

Foto: Arxiv surat

Qonun bilan raqobat sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari belgilandi.

Qonunga koʻra, Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi raqobat sohasidagi vakolatli davlat organi (monopoliyaga qarshi organ) hisoblanadi.

Qonunga bir qator yangi, jumladan, monopoliyaga qarshi komplayens tushunchasi kiritildi.

Monopoliyaga qarshi komplayens faoliyatning raqobat toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga muvofiqligini taʼminlash, ularning buzilishi xatarlarini aniqlash va mazkur xatarlarning oldini olish boʻyicha ichki tashkiliy tartib-taomillar tizimidan iborat.

Monopoliyaga qarshi komplayens majburiy tartibda:

— respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa tashkilotlarda;

— tovar yoki moliya bozorida ustun mavqega ega boʻlgan xoʻjalik yurituvchi subyektlarda;

— oxirgi 3 yilda tovarlarni realizatsiya qilishdan olingan tushumining oʻrtacha yillik miqdori BHMning 100 ming baravaridan oshadigan hamda ustav fondining (ustav kapitalining) 50 foizi va undan ortigʻi davlatga tegishli boʻlgan yuridik shaxslarda;

— oxirgi 3 yilda tovarlarni realizatsiya qilishdan olingan tushumining oʻrtacha yillik miqdori BHMning 100 ming baravaridan oshadigan hamda ustav fondining (ustav kapitalining) 50 foizi va undan ortigʻi ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) davlat ulushi 50 foizni va undan ortiqni tashkil etadigan yuridik shaxsga tegishli boʻlgan yuridik shaxslarda;

— yuridik shaxslarning birlashmalarida joriy etiladi.

Qonunda ustun mavqeni belgilashning yangi mezonlari kiritildi. Unga koʻra, tabiiy monopoliya subyektlari ham ustun mavqega ega subyektlar qatoriga qoʻshildi.

Shuningdek, ustun muzokara kuchi instituti kiritilib, unga muvofiq, ustun mavqega ega boʻlmagan xoʻjalik yurituvchi subyekt yoki shaxslar guruhi tomonidan bitim shartlarini, tovarlar realizatsiya qilinadigan hududni va narxni belgilashga bir tomonlama taʼsir koʻrsatish imkoniyatining mavjudligi ustun muzokara kuchi deb eʼtirof etiladi.

Qonunga koʻra, davlat xoʻjalik yurituvchi subyektlarga soliq va bojxona imtiyozlari, subsidiyalar, grantlar, davlat kafolatlari, imtiyozli kreditlar, eksklyuziv huquqlar, davlat mulkini imtiyozli narxlarda sotish va ijaraga berish, yer resurslaridan va yerosti boyliklaridan foydalanish huquqlarini imtiyozli shartlar asosida berish hamda boshqa preferensiyalar va afzalliklar tarzida davlat yordamini berishi mumkin.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер