Raqamli texnologiyalar vaziriga parlament soʻrovi yuborildi

13:36 31 Oktyabr 2023 Siyosat
319 0

Keyingi yillarda mamlakatimizda zamonaviy telekommunikatsiya infratuzilmasini barpo etish, telekommunikatsiyalar sohasida tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, sohada xizmat koʻrsatish sifatini yanada yaxshilash hamda shahar va qishloq hududlari oʻrtasidagi “raqamli tafovut”ni bartaraf etish maqsadida respublikadagi barcha aholi yashash punktlarini telekommunikatsiya xizmatlari bilan qamrab olish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, oʻtgan davrda sohaning huquqiy asoslari takomillashtirildi. Natijada telekommunikatsiyalar tarmoqlarini loyihalashtirish, qurish, ulardan foydalanish va ularning xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha litsenziya berish tartibi soddalashtirildi. Litsenziya berganlik uchun davlat boji toʻlovlari kamaytirildi.

Aholi yashash punktlarini telekommunikatsiya xizmatlari bilan qamrab olish doirasida respublika boʻylab optik tolali aloqa liniyalari yotqizilmoqda, mobil aloqa operatorlari tomonidan qoʻshimcha baza stansiyalari oʻrnatilmoqda.

Shu bilan birga, sohadagi yutuqlar bilan birga, bugungi kunda 100 ga yaqin olis va borish qiyin boʻlgan aholi yashash punktlariga telekommunikatsiya tarmoqlari yetib bormagan va xalqaro ahamiyatga ega avtomagistral yoʻllar toʻliq mobil Internet bilan taʼminlanmagan. Telekommunikatsiya xizmatlarini aholiga taqdim etishda davlat tiliga toʻliq rioya etilmaslik holatlari aniqlanmoqda. Aholining sifatli telekommunikatsiya xizmatlariga boʻlgan talabining oshib borishi hamda Oʻzbekistonni mintaqaviy “IT” markazga aylantirish borasida belgilab berilayotgan vazifalar telekommunikatsiyalar yoʻnalishida keng koʻlamli chora-tadbirlarni amalga oshirishni nazarda tutadi.

Yangi tahrirda qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 33-moddasida davlat Internet jahon axborot tarmogʻidan foydalanishni taʼminlash uchun shart-sharoitlar yaratilishi belgilab berildi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Raqamli Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi Farmonida respublika hududlarida telekommunikatsiya infratuzilmasi va mobil aloqa tarmoqlarini rivojlantirish boʻyicha yoʻl xaritalari tasdiqlandi.

Shuningdek, Prezidentimizning “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi toʻgʻrisida»gi Farmonida ham barcha aholi punktlarini internet bilan toʻliq qamrab olish va uning tezligini 10 barobar oshirish, xalqaro internetga ulanish tezligini 5000 Gbit/s.ga yetkazish, optik tolali aloqa liniyalari va keng polosali maʼlumot uzatish tarmoqlarining qamrovini 100 foizga yetkazish singari vazifalar belgilab berildi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida raqamli texnologiyalar vaziri Sh. Shermatovga “Respublika aholi yashash punktlarini telekommunikatsiya xizmatlari bilan qamrab olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida”gi masala yuzasidan Qonunchilik palatasining parlament soʻrovini yuborish haqida qaror qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер