“Raqamli sogʻliqni saqlash markazi” bemor tashvishini yengillashtiradi

11:22 30 Mart 2026 Jamiyat
265 0

Romitan tumanida istiqomat qiluvchi mehnat faxriysi Shokir Hafizov salomatligini tekshiruvdan oʻtkazish fikriga keldi-yu qoʻl telefonini choʻntagidan oldi. Tuman “Raqamli sogʻliqni saqlash markazi” vositasida bir zumda oilaviy poliklinika vrachi qabuliga navbatga yozildi.

— Ilgari UZI, qon tahlili kabi tekshiruvlardan oʻtish uchun tuman markaziga borishimizga toʻgʻri kelardi, — deydi u. — Endilikda salomatligimiz bilan bogʻliq barcha amallarni mahallamizdagi oilaviy poliklinikada bajarish imkoni tugʻildi. Hatto shifokor qabuliga ham oldindan yozilasiz. Vaqtingiz tejaladi. Ovoragarchilik yoʻq. Davlatimiz tomonidan aholi salomatligini muhofaza etish uchun yaratib berayotgan bu kabi qulayliklardan mamnunmiz.

Ha, salkam 155 ming aholi yashayotgan Romitan tumanida “Raqamli sogʻliqni saqlash markazi”ning ochilishi fuqarolarni, jumladan, Shokir otaga oʻxshagan nuroniy insonlarni benihoya xursand qildi. Negaki endilikda uyda turiboq shifokor qabuliga yozilish, tashxis natijalaridan xabardor boʻlish, masofadan turib tibbiy maslahat olish mumkin boʻlib qoldi.

Tuman tibbiyot birlashmasi bosh vrachi Jamshid Tohirovning bildirishicha, sohani raqamlashtirish aholi va shifokorlar uchun ayni muddao. Situatsion markaz aholidan tushgan murojaatlarni qabul qiladi, ularni oʻrganadi. Tezkor qarorlar qabul qilishga imkon beradi. U respublika Sogʻliqni saqlash vazirligi qoshidagi xuddi shunday markazga integratsiya qilingan. Yana bir jihati shundaki, ilgari tibbiyot xodimlari tomonidan 44 taga yaqin hujjat toʻldirilardi. Qogʻozbozlik ancha vaqtni olardi.Endilikda bunga hojat yoʻq.

Bevosita markazga kelsak, u uchun oʻtgan yilda umumiy qiymati 1 milliard 50 million soʻm boʻlgan kompyuterlar, planshet, rangli printer, monoblok kabi zarur uskunalar xarid qilindi.IT – hamshiralarining samarali ishlashlari uchun shart – sharoitlar yaratildi.

Eʼtiborlisi, tuman tibbiyot birlashmasida bemorlarning yaqinlari uchun innovatsion kutish zali ham barpo etildi. Unda shifokor va bemorlar bilan onlayn tarzda muloqotga kirishib, davolanuvchining ahvoli haqida kerakli maʼlumotlarni olish mumkin.

Mazkur yumushlar davlat rahbarining 2021-yilning 5 hamda 25-mayida qabul qilingan sogʻliqni saqlash tizimidagi islohotlarni izchil davom ettirish, sohani kompleks rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora – tadbirlar toʻgʻrisidagi Farmoni va qaroriga muvofiq amalga oshirildi.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер