“Raqamli Oʻzbekiston-2030”: vazifalar aniq, faqatgina uni sifatli va samarali amalga oshirish kerak
Bugun zamon shiddat bilan rivojlanmoqda. Zamonaviy axborot texnologiyalar kirib bormagan soha qolmadi, hisob. Tabiiyki har bir mamlakatning rivojlanishi va uning raqobatbardoshligini taʼminlash zamonaviy axborot-kommunikatsiya va “raqamli” texnologiyalar jamiyat va davlat hayotining barcha jabhalariga qanchalik joriy etilgani bilan baholanmoqda.
Mamlakatimizda ham davr talabidan kelib chiqib, barcha sohalarga zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu esa borgani sari oʻz samarasini berayotir. Xususan, bugungi kunda Toshkent shahar Mirzo Ulugʻbek tumanidagi Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parkida axborot texnologiyalari, moliya texnologiyalari, logistika, elektron tijorat, elektron taʼlim, biotexnologiya va boshqa yoʻnalishlardagi ilk loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Masalan, AQSHdagi transport korxonalariga logistika hamda kafe va pisseriyalarga autsorsing boʻyicha texnologik xizmat koʻrsatish yoʻlga qoʻyilgan. Texnoparkning bu kabi xizmatlari arzonligi, sifati qolishmasligi bilan xorijliklarga maʼqul boʻlmoqda. Soha rivojiga yana-da keng sharoit yaratish maqsadida bu yerda yana yettita lotda qurilish qilinib, IT-ofislar, biznes markazi, mehmonxona va boshqa binolar barpo etish rejalashtirilgan. Texnoparkda yillik ishlab chiqarish quvvati 2020-yilda 10 million dollardan ortishi, 2025-yilda esa 100 million dollarga yetishi koʻzda tutilgan.
Umuman olganda yurtimizda kelgusi 5 yil ichida dasturiy mahsulotlar eksportini 10 barobarga oshirish, mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotidagi axborot texnologiyalari sektorining ulushini kamida 4 foizga koʻtarish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, “Big data”, yaʼni katta hajmli maʼlumotlarga ishlov berish va “narsalar interneti”, aqlli videokuzatuvlar va jamoat joylarida monitoring tizimini joriy etishni oʻz ichiga olgan “aqlli” va “xavfsiz” shaharlar texnologiyalarini joriy etish boʻyicha bir qator loyihalarni amalga oshirish davom ettirilmoqda. Xususan shu yilning oktyabr oyida Oʻzbekistondagi ilk aqlli mehmonxonalar Tashkent Cityda joylashgan yangi Kongress-xoll va Hilton mehmonxonasi ish boshladi. Ushbu zamonaviy binolarda boshqarishning turli vositalarini – kirish/chiqish, isitish va ventilyatsiya tizimlarini birlashtiruvchi toʻliq integratsiyalashgan, kiberxavfsiz, bulutli boshqarish tizimi (BMS) oʻrnatilgan. “Xavfsiz shahar” loyihasi doirasida butun respublika boʻylab yoʻl harakati qoidalari buzilishi holatlarini videoqayd etish, turar-joy binolari va ijtimoiy ahamiyatga ega obyektlarning xavfsizligini monitoring qilish, avtoturargohlar va toʻxtash joylarini tartibga solish kabi ishlar olib borilmoqda. Shuningdek, Oʻzbekiston va BAA ixtisoslashtirilgan onlayn portal orqali aholiga bepul masofaviy taʼlim olish imkoniyatini beruvchi “Bir million oʻzbek dasturchisi” (One Million Uzbek Coders) loyihasini ishga tushirildi. Dasturning asosiy maqsadi – raqamli texnologiyalar boʻyicha mutaxassislar avlodini tayyorlash va dasturlash boʻyicha ularga kerakli bilim va koʻnikmalarni berishdir.
Shuning uchun OʼzLiDeP ushbu yoʻnalishda “Raqamli Oʻzbekiston 2030” dasturini joriy etish, “katta maʼlumotlar” (“Big data”), «blokcheyn», “aqlli”, “xavfsiz” shahar, “internet buyumlar” texnologiyalarini keng joriy qilish, telekommunikatsiya infratuzilmasini yana-da rivojlantirish, ushbu asosda mamlakat YAIMning 30 foizga oʻsishi hamda yurtimizning “raqamli iqtisodiyotga tayyorlik” va “AKT rivojlanishi” xalqaro indekslari boʻyicha ilgʻor davlatlar qatoriga kirishini taʼminlash tarafdoridir. Maqsadimiz mamlakatdagi barcha aholi punktlari va taʼlim muassasalariga zamonaviy optik tolali internet aloqa tizimini olib kirish va internet xizmatlari narxini pasaytirish, tashqi internet kanallari orqali internet trafiklari sotib olish va mamlakatga tarqatish boʻyicha monopollashuvga yoʻl qoʻymaslik, aholi, tadbirkorlik subyektlari va davlat organlari oʻrtasida oʻzaro samarali muloqotni shakllantirish, ortiqcha sansalorlik va byurokratizmning oldini olishga qaratilgan “Elektron hukumat” konsepsiyasini izchil amalga oshirish, davlat organlari va boshqa tashkilotlar faoliyatining axborot resurslari va texnologiyalarini yana-da taraqqiy ettirish, sohada davlat-xususiy sherikchilik mexanizmini rivojlantirish, xususan, davlat kadastri ishlarini yuritishning toʻliq raqamlashtirilishini taʼminlash va mulkni roʻyxatdan oʻtkazish tartib-taomilini soddalashtirish kabi bir qator kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirishdan iboratdir.
Xoʻsh, joriy yilning oʻtgan davrida bu borada amalga oshirilayotgan tizimli ishlar qaysi bosqichda?
Aytish kerakki, bugungi kunga kelib, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan “Raqamli Oʻzbekiston-2030” dasturi konsepsiyasini tasdiqlash boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni loyihasi ishlab chiqilib, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan kelishilgan holda Vazirlar Mahkamasiga kiritildi. Shu bilan birga, Farmon loyihasi joriy yilning 5-iyunida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritildi. Taʼkidlash kerakki, Konsepsiyada raqamli texnologiyalarni rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari belgilangan.
Shuni alohida taʼkidlash joizki, konsepsiyada belgilangan ustuvor vazifalarni bosqichma-bosqich hayotga tatbiq etilishi davlat xizmatlarini raqamli shaklga transformatsiya qilish va axborot ekotizimini rivojlantirish imkonini beradi. Qolaversa, davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini taʼminlash, aholining elektron ishtiroki darajasini oshirishga xizmat qiladi. Shuningdek, iqtisodiyotda va hayotning boshqa sohalarida ilgʻor AKTni faol joriy etishga, korrupsiyaga qarshi samarali kurashishga yordam beradi. Nufuzli xalqaro tashkilotlar oʻtkazgan tahlillarga qaraydigan boʻlsak, raqamli iqtisodiyot yalpi ichki mahsulotni kamida 30 foizga oʻstirish, korrupsiyani keskin kamaytirish imkonini beradi. Bundan tashqari barcha operatsiyalar elektron roʻyxatdan oʻtilishiga, ikkinchidan shaffof boʻlishiga erishiladi. Qolaversa, ishlab chiqarishda yangi IT texnologiyalar qoʻllanilishi tufayli mahsulot va xizmatlarning tannarxi pasayadi.
Albatta yuqorida aytilgan gaplar oʻz-oʻzidan amalga oshadigan jarayon emas. Bu harakatlar avvalambor davlatda ushbu sohada katta islohotlarni, yaxshigina xarajatlarni hamda axborot texnologiyalar sohasida kadrlar tayyorlashni talab qiladi. Shuni ishonch bilan aytish kerakki, bugungi Oʻzbekiston bu jarayonga tayyor. Vazifalar aniq. Faqatgina uni birgalikda sifatli va samarali amalga oshirish kerak boʻladi.
Aktam XAITOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Spikeri oʻrinbosari,
OʼzLiDeP fraksiyasi rahbari
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring