Raqamli iqtisodiyot sharoitida iqtisodiy xavfsizlikni taʼminlashning muammolari nimada?
Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasi hamda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti tomonidan “Raqamli iqtisodiyot sharoitida iqtisodiy xavfsizlikni taʼminlash: muammolar va yechimlar” mavzusida Respublika ilmiy-amaliy anjumani oʻtkazildi.
Anjumanda Bosh prokuratura, Markaziy bank, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Savdo-sanoat palatasi, soliq va bojxona qoʻmitalari vakillari, amaliyotchilar, tadbirkorlar shuningdek olimlar, professor oʻqituvchilar hamda ilmiy izlanuvchilar ishtirok etdi.

Anjumanda asosiy maqsad jamoatchilik ongida iqtisodiy xavfsizlik tushunchasini yanada kengaytirish, raqamli iqtisodiyot sharoitida yuzaga kelayotgan tahdid va xavf-xatarlarni ilmiy jihatdan tahlil qilish, iqtisodiy huquqbuzarliklarga qarshi kurashishda murosasizlik muhitini shakllantirishga qaratildi.
Tadbir doirasida iqtisodiy xavfsizlik sohasida qonunchilik bazasini mustahkamlash, iqtisodiyot sohasidagi huquqbuzarliklarning oldini olish, shuningdek, byudjet mablagʻlarining sarflanishi ustidan monitoring va nazorat tizimini takomillashtirish, tadbirkorlik va kichik biznesning iqtisodiy xavfsizligini taʼminlash hamda qoʻllab-quvvatlashning ilmiy-amaliy jihatlari, yashirin iqtisodiyot koʻlamini qisqartirishda raqamli texnologiyalardan foydalanish yoʻnalishlari, Oʻzbekistonda jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish faoliyati samaradorligi oshirish kabi yoʻnalishlar boʻyicha maʼruzalar va muhokamalar boʻlib oʻtdi.

Bundan tashqari, anjuman doirasida Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti hamda Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasi bilan oʻzaro hamkorlik memorandumi imzolandi.
Ushbu memorandum Inspeksiya hamda universitetning alkogol va tamaki sohasidagi yashirin iqtisodiyot koʻlamini tahlil qilish, baholash, tadqiqotlar oʻtkazish hamda takliflar ishlab chiqish sohasidagi hamkorligini yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.

Anjuman yakuni boʻyicha ilmiy taklif va amaliy tavsiyalar ishlab chiqilib, ularni realizatsiya qilish choralari koʻriladi.
Mazkur tadbir mamlakatimizda iqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash, raqamli islohotlar samaradorligini oshirish hamda iqtisodiy xavfsizlik madaniyatini yuksaltirishga xizmat qiladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring