Raʼno Valiyeva yana birinchi boʻldi.
Foto: Xalq so‘zi
Qiziltepa tumanidagi «Valiobod» fermer xoʻjaligi viloyatda(ehtimol respublikada ham) birinchi boʻlib, paxta xom ashyosi tayyorlash rejasini oshigʻi bilan ado etdi. Raʼno Valiyeva rahbarligidagi ushbu xoʻjalik joriy yil 31,5 gektar maydonida paxta yetishtirib, rejadagi 91,5 tonna oʻrniga 91,8 tonna hosil yigʻishtirib oldi.
Raʼno opa qariyb oʻttiz besh yildirki yer bilan tillashadi. Dehqonki, uygan xirmonlarini bir joyga toʻplashning imkoni boʻlsa, yurtimizning eng baland choʻqqisi bilan boʻylasha olardi.
— Sovxozidayam, kolxozidayam, shirkatidayam dehqonchilik qildim, — deydi Raʼno Valiyeva. — Mana besh yildirki, klaster tizimida ishlayapmiz. Bu judayam qulay tizim. Faqat mehnat qilsangiz bas.
R. Valiyeva 1999-yilda fermerlikni ixtiyor etgan edi. Shu maqsadda tumanning Oʻrtachoʻl hududidan 129 gektar yer olib ish boshlagan. Choʻl emasmi, dastlabki yillar paxtaning injiqligini koʻtarolmadi, keyinchalik dehqonchilikdagi uquv, bilakdagi kuch zabtidan choʻl ham gʻoʻzaga koʻnikdi. Shoʻr yuvildi, zovurlar qazilib, zax qochirildi – bir soʻz bilan aytilganda yerning ham koʻngli olindi.
— Natijada hosildorligimiz paxtada 25-30, gʻallada 35-40 sentnerga oshirildi, — deydi R. Valiyeva. — Daromadimiz ortdi. Oʻndan oshiq texnika va ulovlarimiz bor.
Darvoqe, daromadu buromad bobida gapirsak oʻzidan ortibdiki R. Valiyeva Oʻrtachoʻldagi maktabni homiylikka ham olgan. Unib-oʻsgan qishlogʻi Toshrabotga toza ichimlik suvi keltirish, besh kilometrdan oshiq koʻchaga asfalt yotqizish, mahalla binosini toʻliq taʼmirlashga bosh-qosh boʻldi. Bir soʻz bilan aytsak, mamlakatimizda dehqon mehnatiga koʻrsatilayotgan ragʻbat, fermerlik harakatining har tomonlama qoʻllab – quvvatlanishi oddiy insonlarning oddiy intilishlarini yuzaga chiqarib, ularning faol fuqarolik pozitsiyasi esa yurt maʼmurchiligi, el farovonligida oʻz aksini topib bormoqda.
Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring